21 tup qayrag‘och daraxtini kesganlar ozodlikdan mahrum qilindi

Sayxunobod tuman sudida «B. X.» fermer xo‘jaligi rahbari M.A., uning sheriklari A.A. va K.Z.ga hukm o‘qildi.
Ma’lumot uchun, Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan M.A. sheriklari bilan oldindan til biriktirib, 2023 yilning dekabr va 2024 yilning yanvar oylarida o‘ziga qarashli bo‘lgan dala maydoni chetida ko‘karib turgan jami 21 tup qayrag‘och daraxtlarini qonunga xilof ravishda kesib, sotib yuborganligi aniqlangan. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Daraxtlar kesilishi natijasida tabiatga 1 milliard 459 million 144 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Sudda M.A, A.A. va K.Z. ning 21 tup qayrag‘och daraxtini qonunga xilof ravishda kesib, sotib yuborganligi o‘z isbotini topdi. Sud qarori bilan daraxt kushandalaridan tabiatga yetkazilgan zarar undirilishi belgilandi. Shuningdek, har bir sudlanuvchiga 2 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ekologiya vazirligi har qanday turdagi huquqbuzarlik qonunga ko‘ra qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tadi!