15 yilda ilk marta! Uzbekistan Airways xodimlarining formasi o‘zgardi (foto)
Uzbekistan Airways 2020 yil 14 fevraldan boshlab yo‘lovchilar diqqatiga uchuvchi va bort kuzatuvchilarning yangi formasini taqdim etadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Samolyot ekipaji qiyofasida keskin o‘zgarishlar 15 yil ichida birinchi marta sodir bo‘ldi. Kiyimlardagi asosiy rang quyuq akvamarin va terrakota ranglaridir. Qizlar uchun yubka, shim, bluzkadan iborat bo‘lgan, ikki xil rangli yangi to‘plam taqdim etilgan. Pidjakning astari terrakota rangida bo‘lib, logotip tasviri tushirilgan.
Foto: Uzbekistan Airways matbuot xizmati
Aksessuarlar sifatida bosh kiyim, matoli va charm qo‘lqoplar, soch turmagi yaratish uchun matoli elastik tasma va ikki xil rangdagi sharflar kiritilgan. Bluzka va bo‘yinbog‘dagi bezaklar sharqona uslubda yaratilgan. Qishki yomg‘irpo‘sh paltosi yechib olinadigan izolyasiyalangan astarga ega.
Foto: Uzbekistan Airways matbuot xizmati
Erkak bort kuzatuvchi xodimlari uchun to‘plam quyuq kul rangdagi uch qismli kostyum ko‘rinishida bo‘lib, quyuq akvamarin bezaklari bilan taqdim etiladi. Bosh kiyim to‘q kul rangda kumush bezak bilan bezatilgan.
Foto: Uzbekistan Airways matbuot xizmati
Uchuvchilar uchun kostyumlar oldingi rangida qoldirilgan. Brendli tugmalar va eksklyuziv galstuklar yaratildi.
Foto: Uzbekistan Airways matbuot xizmati
Qayd etilishicha, mato turli iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda tanlangan.
Foto: Uzbekistan Airways matbuot xizmati
Loyihada mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etgan. Matolarni tanlash va asosiy to‘plamning birinchi partiyasini tikish Turkiyaning Dress Best Uniforms kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, ular Turkish Airlines (partial), Fly Dubai, Albaniya Airlines, Flyas aviakompaniyalari bilan ish olib borgan.





