14 nafar mahkum muddatidan ilgari shartli ozod qilindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining raisi Murodjon Mirzajonov va sudya Abbosxon Shamaxmudov tomonidan tumandagi “Billur” mahalla fuqarolar yig‘inida Probasiya nazorati ostidagi shaxslar ishtirokida sayer sud majlisi o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi...
Sud jarayonida jami 14 nafar mahkum Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilindi.
— Yunusobod tuman IIO Probasiya bo‘linmasi boshlig‘ining Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan ozodlikni cheklash jazosidan shartli ravishda ozod qilish haqidagi 14 nafar mahkumga nisbatan kiritgan taqdimnomasi atroflicha o‘rganildi. 14 nafar mahkumning qilgan ishidan pushaymonligi, o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olgani, jazo muddatinining belgilangan qismini haqiqatda o‘tab, o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, mehnatga halol munosabatda bo‘lganligi va tuzalish yo‘liga o‘tganligini e’tiborga olinib taqdimnomalar qanoatlantirildi. Ular tayinlangan jazoning o‘talmagan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, - deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi raisi Murodjon Mirzajonov.
Sayyor sud majlisida sudlanuvchilar tuman IIO FMB Probasiya bo‘linmasi hisobiga olingani, shu vaqt ichida qilmishidan qattiq afsusdaligi, jazo tartibini buzmagani, ish joyida faqat ijobiy tavsiflanib kelayotgani, kelgusi xayotida e’tiborli bo‘lib, halol mehnat bilan shug‘ullanishga va’da berishdi.
Ular orasida JKning 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi “b” bandi, JKning 105-moddasi (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 1-qismi, JKning 274-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga jalb etish) 4-qismi, 273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi kabi jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilgan shaxslar bor.
Xususan, “Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2020 yil 23 iyundagi hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi JKning 276-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, JKning 62-moddasini qo‘llagan holda, 4 yil 6 oy 2 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi. Sudlanuvchi jazoning 1 yil 7 oyini o‘tagan, o‘talmagan qismi esa 2 yil 11 oy 2 kunni tashkil etadi. Sud majlisida sodir etgan jinoyatidan pushaymon bo‘lib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarganini, kelgusida halol mehnat qilib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga rioya qilishini bildirib, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni so‘radi. Sud probasiya bo‘linmasi boshlig‘ining taqdimnomasini qanoatlantirdi. JKning 73-moddasi 3-qismi “a” bandiga asosan ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi”, deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi Abbosxon Shamaxmudov.
Sayyor sud davomida sudyalar tomonidan huquqiy maslahatlar ham berildi.

