100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi

100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga a’zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish g‘oyasini ilgari surgan edilar.

Ushbu ezgu tashabbus asosida o‘zbek adabiyoti hamda turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar adabiyotining yuksak namunalaridan xalqimizni har tomonlama bahramand qilish, ulug‘ ota-bobolarimiz va turkiy tilda so‘plashuvchi xalqlarning buyuk allomalari, adiblarining boy adabiy merosi, shuningdek, bugungi zamonaviy adabiyotining sara namunalarini bir majmuada xalqimizga yetkazib berish, o‘zbek adabiyoti hamda turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlar adabiyoti namunalari bilan yanada yaqindan tanishtirish maqsadida turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlarning milliy adabiyoti namunalaridan iborat 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasi nashr etildi.

Joriy yil 11 noyabrida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur muhtasham to‘plam haqida ham to‘xtalib, jumladan, shunday dedilar: “Biz yaqinda Tashkilotimizga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar adabiyotining sara namunalaridan iborat 100 jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamini o‘zbek tilida nashr qildik. Ushbu bebaho ma’naviy xazinani barcha a’zo va kuzatuvchi davlatlar tillarida ham chop etsak, qardosh ellarimizni, avvalambor, yosh avlodlarimizni o‘zaro yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratgan bo‘lar edik”.

Kecha, 22 noyabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda davlat idoralari va tashkilotlari mutasaddilari, Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, taniqli shoir-yozuvchilar, tarjimonlar, olimlar va ekspertlar, Milliy madaniy markazlar raislari, OAV xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov turkiy xalqlar o‘rtasida yagona tarix va umumiy qadriyatlar timsoliga aylangan adabiy aloqalar, 100 jildlik majmua nashr etilishining Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi adabiy diplomatiyani shakllantirishdagi ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev ushbu majmuani yaratish bilan bog‘liq jarayonlar, bu borada olib borilgan ilmiy va ijodiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

“Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamiga umumturkiy adabiyotning qadimgi davrlarda to XXI asrning shu kunlariga qadar yaratilgan sara namunalari, ya’ni O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.

Ushbu adabiy xazina turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor ro‘yobga chiqarilgan yirik adabiy loyiha sifatida ayniqsa qadrlidir. Majmuada barcha turkiy tilli xalqlar adabiyoti vakillariga keng o‘rin berilgan. Xususan, “Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlanuvchi dastlabki 5 jilddan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniyning “Hikmatlar”i hamda Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” kabi mumtoz asarlari o‘rin olgan.

28 jildni tashkil etgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” hazrat Mir Alisher Navoiyning “Saylanma g‘azallari” bilan boshlanib, qoraqalpoq adabiyoti namunalarini ham o‘z ichiga oladi. Majmuada turk, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va turkman ijodiyotiga ham keng o‘rin ajratilgan. Jumladan, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Nozim Hikmat, Nizomiy Ganjaviy, Nasimiy, Fuzuliy, Samad Vurg‘un, Abay, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Chingiz Aytmatov, To‘lagan Qosimbekov, Mar Boyjiyev, Maxtumquli, Mullanafas, Otajon Tog‘on kabi mumtoz va zamonaviy adabiyotning 100 dan ortiq namoyandlari qalamiga mansub noyob meros jamlangan. Aron Yarosh va taniqli venger adiblarining mashhur asarlari yakunlovchi jild sifatida taqdim etilgan.

“Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plami jami 1010 nafar muallifni qamrab olgan.

Umuman, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan qisqa muddatda katta mehnat, zalvorli ijodiy ish amalga oshirildi. Majmua uchun materiallar to‘plash maqsadida qardosh davlatlarga bir necha bor ijodiy safarlar uyushtirildi. 50 nafarga yaqin adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir, rassomlar majmuani nashrga tayyorlash va chop etish ishlariga keng jalb etildi.

G‘oyat sinchkovlik va katta mas’uliyat talab qiladigan bunday keng qamrovli ijodiy jarayonda shu kunga qadar amalga oshirilgan tarjimalar orasidan eng saralari, tarjima san’atining mumtoz namunalari sifatida e’tirof etilgan yetuk asarlar tanlab olindi. Mazkur ijodiy loyihada G‘afur G‘ulom, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Nosir Fozilov, Pirimqul Qodirov singari ustoz adiblar bilan bir qatorda, badiiy tarjima sohasining bugungi avlodi – mahoratli namoyandalarining ijodiy ishlariga ham alohida o‘rin berilgan. Ushbu 100 jildlik to‘plamni tayyorlashda 200 dan ziyod tarjimon qatnashdi.

“Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasining nashr etilishi tom ma’noda Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda kechayotgan ulkan o‘zgarishlarning yorqin amaliy ifodasi, qardosh xalqlar va ularning so‘z san’atiga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom ramzi sifatida ham ahamiyatlidir.

Taqdimotda so‘zga chiqqan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar – Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlarining mamlakatimizdagi elchixonalari vakillari hamda bir guruh taniqli ijodkor-ziyolilarimiz ushbu adabiy durdonaning nashr etilishi qardosh xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!