1 iyuldan iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlari oshiriladi

1 iyuldan iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlari oshiriladi

Qonunchilikka ko‘ra, joriy yil 1 iyuldan sohalarda bir qator o‘zgarishlar kutilmoqda.

Jumladan, 2022 yil 1 iyuldan avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to‘lovlari bekor qilinadi. Old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtiriladi. Ishlab chiqarilganiga 10 yildan ko‘p bo‘lmagan yengil mashinalarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi bekor bo‘ladi. Shuningdek, 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan yengil mashinalar – 2 yilda, 15 yildan ortiq bo‘lganlari esa 1 yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobaridan (150 mln so‘mdan) oshmagan miqdorda qoplab beriladi. Olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

Har yili respublika aholisini virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit «S» turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi tegishli muassasalarda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bilan kasallanib tuzalganlarning (donorlarning) qon plazmasi banki yaratiladi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan xodimlar gepatit «V» infeksiyasiga qarshi emlanadi. Har yili keng tarqalgan virusli infeksiyalar muammolarining ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablag‘lar ajratiladi.

Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra, 2025 yil 1 yanvargacha kasanachilarga daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, 1 oyda ko‘pi bilan 1 million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi. Kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Olis va chekka hududlardagi mahallalarda (jami 252 ta) kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 3 oydagi faoliyati uchun 1 oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

Davlat muzeylariga soat 22:00 gacha xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.

Bolalar hamda homilador va tug‘ish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish uchun «tibbiyot brigadalari» tarkibiga qo‘shimcha 3 ming 600 ta, 2023 yil 1 yanvardan yana qo‘shimcha 4 ming 900 ta o‘rta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratiladi.

Iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlari malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshiriladi. Xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Joriy yil 1 iyuldan «oilaviy shifokor» yo‘nalishi bo‘yicha mustaqil faoliyat amalga oshirishga ruxsat beriladi.

UZA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!