Zelenskiy Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Budanovga Prezident devonini boshqarishni taklif qildi
Bu haqda Ukraina prezidenti o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
"Bugun Ukraina xavfsizlik masalalariga, Mudofaa va xavfsizlik kuchlarini rivojlantirishga, shuningdek, muzokaralardagi diplomatik yo‘nalishga yanada ko‘proq e’tibor qaratishi lozim. Prezident devoni esa, avvalo, davlatimiz oldidagi aynan shu vazifalarni bajarishga xizmat qiladi", — deb yozdi Ukraina yetakchisi.
Volodimir Zelenskiy Kirill Budanov xavfsizlik va mudofaa sohasida katta tajribaga hamda natijalarga erishish uchun yetarli kuchga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Zelenskiy Prezident devonining yangi rahbariga Milliy xavfsizlik kengashi kotibi va boshqa tegishli institutlar bilan hamkorlikda davlatning mudofaa va rivojlanish bo‘yicha strategik asoslarini yangilash, ularni tasdiqlash uchun taqdim etish, shuningdek bu yo‘nalishdagi keyingi qadamlarni tayyorlash vazifasini topshirdi.
2025 yil noyabr oyining oxirida Ukrainaning korrupsiyaga qarshi kurash organlari Prezident devoni rahbari Andrey Yermakning uyida tintuv o‘tkazgandi, biroq unga qarshi qandaydir ayb qo‘yilmagan. Ko‘p o‘tmay, Yermak iste’foga chiqishini e’lon qildi. “Energoatom” davlat kompaniyasi bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi boshlanganidan so‘ng muxoliflar ham, Zelenskiyning safdoshlari ham prezidentni Yermakni ishdan bo‘shatishga chaqirgandi.
