Zelenskiy: Putin «ultimatumlar tilidan global ko‘pchilik tiliga o‘tishi kerak»

Zelenskiy: Putin «ultimatumlar tilidan global ko‘pchilik tiliga o‘tishi kerak»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «ultimatumlar tilidan global ko‘pchilik tiliga o‘tishi» kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Shveysariyadagi ikki kunlik Tinchlik sammitida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Davlat rahbari jahonning aksariyat qismi xavfsizlikning barcha jabhalarini, xususan, yadro va oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlashga intilayotganini ta’kidladi.

«Dunyo ko‘pchiligi davlatlarning hududiy yaxlitligi, xalqlar suvereniteti va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarda tenglik tamoyilini aniq qo‘llab-quvvatlaydi. Dunyoning aksariyat qismi qonli inqirozlar, deportasiyalar va ekotsidlarsiz yashashga intiladi. Shunday ekan, hozir vakili bo‘lmagan, BMT Nizomidagi qadriyatlarni so‘zda va amalda qo‘llab-quvvatlaydigan har bir xalq keyingi bosqichlarda bizning ishimizga qo‘shilishi mumkin», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «tinchlik formulasi dunyodagi barcha kuchlarni urushni tugatish haqida o‘ylashga va uni qanday tugatishni taklif qilishga undaydi, demak, urush g‘oyasi allaqachon yo‘qolgan».

«Putin ultimatumlar tilidan halol tinchlikka intilayotgan dunyo ko‘pchiligining tiliga o‘tishi kerak», - deya ta’kidladi Zelenskiy.

Ukraina davlati rahbari Rossiya tinchlikka erishishdan manfaatdor emasligini aytdi.

«Rossiya hozir bu yerda emas. Nega? Agar Rossiya tinchlikdan manfaatdor bo‘lsa, unda bu urush sodir bo‘lmasdi. Biz butun dunyo uchun adolatli tinchlik nimani anglatishini va unga qanday qilib chinakam mustahkam tarzda erishish mumkinligini birgalikda hal qilishimiz kerak. BMT Nizomi biz uchun asosdir. Va keyin, harakat rejasi allaqachon stolga qo‘yilganda, hamma tomonidan kelishilgan va barcha xalqlar tomonidan tushunilgan bo‘lsa, u Rossiya vakillariga e’lon qilinadi. Shunday qilib, ikkinchi Tinchlik sammitida biz urushning haqiqiy yakunini yozib olishimiz mumkin. Endi biz bu yo‘lni boshlaymiz. Hamma isbotlashi kerakki, birlashgan dunyo tinchlik dunyosi, bu qanday qilib to‘g‘ri harakat qilishni biladigan dunyo», — dedi Zelenskiy.

Davlat rahbari hozirda uchta yo‘nalishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

«Birinchi soha - radiasiya va yadro xavfsizligi. Ikkinchisi - oziq-ovqat xavfsizligi. Uchinchisi, hayoti urushda singan asirlar va deportasiya qilinganlar, kattalar va bolalar, harbiylar va tinch aholini ozod qilish», - deydi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!