ZAMBURUG‘LI KASALLIKLAR QANDAY PAYDO BO‘LADI?

O‘simlik parazitlariga mansub zamburug‘lar havoda, tuproqda va suv havzalarida nofaol hayot kechiradi, odam yoki hayvon terisiga tushganda esa kasallik keltirib chiqaradi. Ana shunday zamburug‘lar sabab organizmda rivojlanadigan kasalliklar haqidagi savollarimizga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari Ilhom RAHIMOV javob berdi.
— Kasallik chaqiruvchi zamburug‘lar inson organizmiga qanday o‘tadi?
— Zamburug‘larning 100 000 dan ortiq turlari ma’lum bo‘lib, ulardan 500 taga yaqini odam va hayvonlar uchun patogen hisoblanadi, ya’ni kasallik paydo qiladi. Zamburug‘li kasalliklar bemordan yoki kasal hayvondan odamga (asosan, bemor bilan bevosita muloqotda bo‘lganda yoki uning zararlangan buyumlaridan foydalanganda) o‘tadi.
Ular tashqi muhitning turli omillariga chidamli, masalan, ochiq suv havzalari, o‘rin-ko‘rpalar, kiyim-bosh, gilam hamda sochlarga tushganda bir necha yilgacha kasallik chaqirish qobiliyatini saqlab qoladi.
Atrof-muhit holati (ekologiya) buzilishi, turli xil dori vositalari (antibiotiklar, sitostatiklar, steroidli gormonlar) pala-partish, yuqori miqdorda yoki uzoq muddat qabul qilinishi yoki og‘ir kechuvchi yo‘ldosh kasalliklar (o‘sma, qandli diabet va boshqalar) mavjudligi ko‘pincha zamburug‘li kasalliklar kelib chiqishini tezlashtiradi.
Bunday omillar ta’sirida organizm immun tizimi faoliyati susayadi va zamburug‘larning ko‘payishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
— Zamburug‘lar sababli rivojlanuvchi kasalliklarning qanday turlari bor?
— Zamburug‘larning achitqisimon turi patogen hisoblanadi. Ular (kandida zamburug‘lari) tabiatda juda keng tarqalgan bo‘lib, meva-sabzavot, sut mahsulotlari, shuningdek, odam, hayvon terisi hamda shilliq qavatlarda saprofit holatda yashaydi va faqat muayyan sharoitlarda kandidozlar deb ataluvchi o‘ziga xos kasallikni keltirib chiqaradi. Me’da-ichak xastaliklari, vitaminlar muvozanatining buzilishi, leykoz kasalligi, antibiotiklar bilan tartibsiz davolanish kandida zamburug‘larining faoliyatini oshirib, kasallik vujudga kelishiga olib keladi.
Kasallikning klinik kechishiga qarab:
📌shilliq qavat va teri kandidozi,
📌kandidozli onixomikoz,
📌paronixomikoz,
📌surunkali generalizasiyalashgan bolalar kandidozi alohida ajratiladi.
Bunda bemor tanasida to‘q qizil rangli, aniq chegaralangan, usti gardish bilan qoplangan dog‘lar paydo bo‘ladi. Barmoqlar orasidagi kandidozli eroziya asosan qandolatchilar, idish-tovoq yuvuvchilar va boshqalarda uchraydi.
Jarayon 3-, 4-barmoqlar orasida, to‘q qizil rangli, aniq chegaralangan va o‘rtasida seroz suyuklik bo‘lgan eroziya borligi bilan ifodalanadi.
Og‘iz shilliq qavati kandidozi esa tashqaridan kirib kelgan zamburug‘ hisobiga rivojlanishi mumkin.