Zakot berishni kimdan boshlagan afzal?

Zakot berishni kimdan boshlagan afzal?

Savol: Ota-ona, aka-uka, opa-singillar haqiqatdan zakot olishga haqli bo‘lsa, ularga zakot berish mumkinmi? Javobi uchun avvaldan tashakkur!

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim.

Zakotni o‘zaro tug‘ilish aloqasi bo‘lganlar, ya’ni, ota-onasi, bobo-momosi, o‘g‘il-qizlari va ularning farzandlari, er-xotinlik aloqalari bo‘lganlar, ya’ni, er yoki xotinga berishi mumkin emas. Shuningdek, o‘zga din vakillari, nisob miqdoricha moli bo‘lgan kishilarga ham zakot berilmaydi.

Aka-uka, opa-singillarga kelsak, ushbu savolga mo‘tabar fatvo kitoblarimizda shunday javob berilgan:

"وَالْأَفْضَلُ فِي الزَّكَاةِ وَالْفِطْرِ وَالنَّذْرِ الصَّرْفُ أَوَّلًا إلَى الْإِخْوَةِ وَالْأَخَوَاتِ ثُمَّ إلَى أَوْلَادِهِمْ ثُمَّ إلَى الْأَعْمَامِ وَالْعَمَّاتِ ثُمَّ إلَى أَوْلَادِهِمْ ثُمَّ إلَى الْأَخْوَالِ وَالْخَالَاتِ ثُمَّ إلَى أَوْلَادِهِمْ ثُمَّ إلَى ذَوِي الْأَرْحَامِ ثُمَّ إلَى الْجِيرَانِ ثُمَّ إلَى أَهْلِ حِرْفَتِهِ ثُمَّ إلَى أَهْلِ مِصْرِهِ أَوْ قَرْيَتِهِ".

“Zakot, fitr va nazrni berishda eng afzali, avvalo, aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng ularning farzandlari. Keyin tog‘a-xolalar va ularning farzandlari, so‘ng yuqoridagilardan boshqa qarindoshlar. Ulardan keyin navbat bilan qo‘shnilar, hamkasblar, hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar” (Fatavoi hindiyya).

“Bahrur roiq” kitobida: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko‘ra afzaldir”, deyilgan.

Demak, agar aka-uka yoki opa-singillar zakot berish nisobiga ega bo‘lishmasa zakot berish uchun eng afzal kishilar hisoblanar ekan. Zakot berishni yaqin qarindoshlardan boshlansa, ham Alloh taoloning buyrug‘i ado bo‘ladi, ham qarindosh-urug‘lik rishtalari mustahkamlanadi. Silai rahmga amal qilish – Alloh taoloni rozi qiladigan ishlardan biridir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!