Zakot berishda niyat qilish shartmi?

Zakot berishda niyat qilish shartmi?

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi bosh mutaxassisi Hikmatulloh domla Toshtemirov javob berdi.

Albatta, zakotda niyat shart. Zakot molini ajratayotganda yoki uni faqirga berayotganda zakot berishni niyat qilish kerak. Hech qanday niyatsiz berilgan zakot sadaqa bo‘lib, qaytadan zakot berish lozim bo‘ladi. Faqirga bu zakot deb aytish shart emas.

Zakot kimlarga beriladi?

Zakot kimga berilishi haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi: «Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir» (Tavba surasi, 60-oyat).

Demak, zakot beriladigan 8 ta toifa insonlar bor:

  1. Faqir – moli nisobga yetmagan shaxs;
  2. Miskin – hech narsasi yo‘q kishi;
  3. Zakot yig‘ish ishida band bo‘lganlar;
  4. Dillari Islomga oshno qilinuvchi g‘ayri dinlar;
  5. Mukotab qullar;
  6. Agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi;
  7. Alloh yo‘lida yurganlar (bunda asosan muhtoj bo‘lib qolgan hojilar tushuniladi);
  8. Yo‘lda qolganlar (moli boru, o‘zi bilan birga emas).

Yuqorida sanab o‘tilganlardan «dillari Islomga oshno qilinuvchilar» hazrati Umar davrida zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan. Quldorlik tugatilgani sababli «mukotab qullar» bugungi kunda mavjud emas.

Zakot berishni, haqli bo‘lishsa, aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, keyin amaki-amma va ularning farzandlari, keyin tog‘a-xola va ularning farzandlari, keyin boshqadan qarindoshlar, keyin qo‘ni-qo‘shni, mahalla va hamkasblardan boshlash afzaldir.

Kimlarga zakot berilmaydi:

Shariatimizga ko‘ra quyidagilarga zakot berilmaydi:

  1. Boy kishilarga;
  2. Boshqa din vakillariga;
  3. Boy kishining balog‘atga yetmagan farzandiga;
  4. O‘rtalarida tug‘ilish aloqasi bo‘lganlar ya’ni, ota-ona va ularning ota-onalari, o‘g‘il-qizlar va ularning farzandlariga;
  5. Er yoki xotinga;
  6. Hoshimiylar, ya’ni, Payg‘ambarimiz alayhissalomning qarindoshlariga.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!