Yuzlab fermerlar hibsga olindi

Hindiston shimolidagi Panjob shtatida polisiya yuzlab fermerlarni hibsga oldi. Bir yildan ko‘proq vaqt davomida hosil narxini me’yoriga keltirish talabi bilan namoyish o‘tkazib kelayotgan fermerlarning chegara hududidagi muvaqqat qo‘nalg‘asini buzish uchun buldozerlardan foydalanildi.
Dehqonlar o‘tgan yil fevral oyidan beri qo‘shni shtat Xaryana bilan chegarada boshpana qurgan. Xavfsizlik kuchlari esa hosil davlat tomonidan ko‘proq qo‘llab-quvvatlanishi uchun qonuniy kafolat talab qilayotganlarning poytaxt Nyu Dehli tomon yurishini to‘xtatgan.
– Kuch ishlatishning uchun hojati bo‘lmadi, chunki qarshilik ko‘rsatilgani yo‘q, – dedi yuqori martabali polisiya xodimi Nanak Singx chorshanba kuni kechqurun “ANI” axborot agentligiga tozalash amaliyoti haqidagi savoga javob berarkan. – Fermerlar o‘z ixtiyori bilan avtobuslarga o‘tirishdi.
Qo‘shimcha qilinishicha, namoyishchilar oldindan ogohlantirilgan. Televideniye tasvirida buldozer yordamida buzilgan chodirlar va sahnalardan shaxsiy buyumlarini transport vositalariga ortib ketayotganlarni polisiya kuzatib borayotgani ask etgan.
OAV xabar berishicha, yuzlab hibsga olinganlar orasida qo‘zg‘olon yetakchilari Sarvan Singx Pander va Jagjit Singx Dalleval ham bor. Dalleval bir necha oy davomida muddatsiz ochlik e’lon qilgani uchun tez yordam mashinasida olib ketilgan.
– Bir tomonda hukumat fermerlar tashkilotlari bilan gaplashyapti, ikkinchi tomonda ularni hibsga olyapti, – deydi “Bhartiya Kisan Union” fermerlar guruhi vakili Rakesh Tikait.
Odamlarni ko‘chirishga ko‘rsatma bergan Panjobning hukmron “Aam Aadmi Party” (AAP) partiyasi fermerlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, shikoyatni federal hukumatga yetkazishni so‘radi:
– Panjob manfaatini himoya qilish uchun birga harakat qilaylik, – deydi shtat vise-prezidenti Tarunprit Singx Sond. – Asosiy yo‘llar yopilishi shtat iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda. Magistral yo‘llarni yopish yechim emas.
Bosh vazir Narendra Modi hukumati 2021 yil bir necha oy davomida Dehli tashqarisida joylashib olgan fermerlarning 12 oy davom etgan noroziligidan so‘ng, qishloq xo‘jaligiga oid ayrim qonunlarni bekor qilishga majbur bo‘lgandi.
– Federal amaldorlar chorshanba kuni fermerlar rahbarlari bilan uchrashdi, – dedi Panjobdagi Bharatiya Janata partiyasi (BJP) vise-prezidenti Fotihjung Singx Bajva ijtimoiy tarmoq orqali. – Bu harakat, ya’ni qo‘lga olish amaliyoti fermerlar va BJP rahbariyati o‘rtasida davom etayotgan muloqotni buzishga qaratilgan, qasddan qilingan urinish ekanligi aniq.