Qozog‘istonda qozoq tilini yaxshi bilmaydiganlarga doimiy yashash guvohnomasi berilmaydi
Qozog‘istonda yashash guvohnomasi olish uchun qozoq tilini bilishning yanada yuqori darajasi talab etiladi, deb DW’ga hukumat amaldorlaridan biri tasdiqladi.
13 apreldan buyon Qozog‘istonga ko‘chib kelgan Rossiya va Ukraina fuqarolari, ular orasida qondoshlar ham (chet elda yashagan etnik qozoqlar — tahr.) doimiy yashash guvohnomasi olish uchun ariza topshirishda rad javoblarini ola boshladi. Relokantlar Telegram-chatlarida qayd etilishicha, joriy etilgan majburiy qozoq tili testidan deyarli hech kim o‘ta olmagan.
Yashash guvohnomasiga da’vogarlar migration.enbek.kz saytida talab etilgan A1 darajasi (tilni bazaviy bilish — tahr.) o‘rniga, endi go‘yoki B2 darajasi (erkin muloqot qilish, murakkab matnlarni tushunish — tahr.) talab etilayotganini bildirgan. Guvohnoma olish qoidalari o‘zgargani haqida hozircha hech qayerda rasmiy tasdiq paydo bo‘lmagan.
DW bilan suhbatda Olmaota migrasiya xizmati vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi, biroq hozirda Ostonada maslahatlashuvlar ketayotganini qayd etdi. «Bizga izoh berish taqiqlangan. Hozir bu masala kelishilmoqda. Ma’lumot uchun hukumat tuzilmalariga murojaat qiling», — deyilgan xizmat rahbarining qabulxonasida.
Bir qator hukumat amaldorlari bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston migrasiya siyosatida haqiqatan ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan. Endi chet elliklarga yashash guvohnomasini berish uchun Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi mas’ul. 13 fevraldan u «raqamli skoring» deb ataluvchi — to‘lovga qobiliyatlik va ishonchlilikni baholovchi avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilgan, u Qozog‘istonda doimiy yashashni istagan barcha xorijiy fuqarolarni istisnosiz tekshiradi. Uning doirasida har bir immigrant, birinchi navbatda, qozoq tilini B1 darajasida bilish bo‘yicha test topshirishi shart.
«10 aprelgacha raqamli skoringning birinchi bandida haqiqatan ham elementar A1 daraja bo‘lgan. Ikkinchi band o‘zgarmadi — oila tarkibi, ma’lumot darajasi, ish staji, kompetensiyasi, sog‘lig‘i holati va Qozog‘istonda qarindoshlari bor-yo‘qligi tekshiriladi. Avvalgidek, mamlakat iqtisodiyoti uchun ayniqsa talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarga ustunlik beriladi», — dedi DW’ga amaldorlardan biri.
Yana bir qator yangiliklar ham kiritilmoqda. Endi arizani hukumat ustuvor deb belgilagan yetti hududdan biriga topshirish mumkin. Da’vogarlarning mahalliy ijro organlarida maxsus suhbatdan o‘tishi ham muhim hisoblanadi.
Yangi qoidalar istisnosiz barcha chet elliklarga — nafaqat rossiyaliklar yoki ukrainaliklarga, balki qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolariga, shuningdek keyingi vaqtlarda Qozog‘iston shaharlarida ancha ko‘payib qolgan Xitoy fuqarolariga ham taalluqli bo‘ladi.
