Yurtimizda ilk bor xavfli suyak o‘smasiga chalingan 14 yoshli o‘smirda noyob endoprotezlash amaliyoti bajarildi

Yurtimizda ilk bor xavfli suyak o‘smasiga chalingan 14 yoshli o‘smirda noyob endoprotezlash amaliyoti bajarildi

So‘nggi paytlarda dunyo aholisi orasida onkologik xastaliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi tobora ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2030 yilga kelib, jahonda xavfli saraton kasalliklariga chalingan bemorlar soni 23,6 millionga yetadi.

Afsuski, yurtimizda ham bu kasallik tashxisi qo‘yilgan bemorlar soni kam emas. Xususan, mamlakatimizda har yili ko‘plab insonlarda ushbu xastalik aniqlanadi. Ularning 900 nafardan ortig‘i xavfli suyak o‘sma kasalliklariga chalingan bemorlar bo‘lib, bunda bolalarning ulushi 7 foizni tashkil qiladi.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida yashovchi 14 yoshli M.A. ana shu xastalikni boshidan o‘tkazgan o‘smirlardan. Yaqinlarining aytishicha, so‘nggi tibbiy tekshiruvlardan so‘ng unga xavfli suyak o‘smasi tashxisi qo‘yilgan.

Shundan so‘ng bemorning ota-onasi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qilgan.

Kuni kecha ushbu markazda ilk bor rossiyalik va mahalliy shifokorlar hamkorligida mazkur bemorda o‘suvchi endoprotezlash amaliyoti o‘tkazildi.

— Bu operasiya chap son suyagi pastki uchligi sohasining rivojlangan xavfli o‘sma kasalligida tizza-bo‘g‘inni endoprotezlash amaliyoti hisoblanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Tojiddin Mustafoyev. — To‘g‘ri, shu paytga qadar yurtimizning qator tibbiyot muassasalarida shunga o‘xshash operasiyalar o‘tkazilgan, biroq bugungi jarrohlik amaliyotining farqli tomoni, unda bemorga o‘rnatilgan endoprotez cho‘zilish xususiyatiga ega. Ya’ni, uning afzalligi operasiyadan keyin moslamani uzaytirish imkoni mavjud.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur protez bemor organizmining o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda individual tarzda tayyorlanadi. Qolaversa, moslama o‘smir organizmi rivojlangani sari unga uyg‘un ravishda o‘sib boradi.

Natijada bola ulg‘ayganda ham unda qo‘l yoki oyoqning kaltaligi kabi nuqsonlar kuzatilmaydi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!