Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga stasionar davolash uchun qanday hollarda ruxsat beriladi?
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida OIV infeksiyali bemorlarni stasionar sharoitda davolash uchun bemor o‘rinlari ajratish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga stasionar davolash uchun ko‘rsatmalar;
viloyatlar yuqumli kasalliklar shifoxonalari OIV infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun ajratilgan 10 o‘rinli bo‘limdagi bemorlarni davolash uchun dori vositalari va tibbiy ashyolarga bo‘lgan umumiy ehtiyoji tasdiqlanishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari va hududiy OITSga qarshi kurash markazlari bosh shifokorlariga:
hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarida OIV infeksiyali bemorlarga malakali stasionar yordam ko‘rsatishni tashkillashtirish uchun 10 ta bemor o‘rni ajratilib, hududiy OITSga qarshi kurash markazlari bilan amaliy va metodik uzviylikni ta’minlash;
OIV infeksiyali bemorlarni yuqumli kasalliklar shifoxonalariga belgilangan ko‘rsatmalar asosida qabul qilinishini ta’minlash topshiriladi.
Moliya vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalarining boshliqlari, sog‘liqni saqlash vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalarining boshliqlari:
OIV infeksiyali bemorlarda opportunistik infeksiyalarni davolash uchun kerakli dori-darmonlarni shifoxonaning xarajatlar smetasida ko‘zda tutadi;
OIV infeksiyali bemorlarda opportunistik infeksiyalarni davolashda ularni parhez taomlar bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratadi va sarf-xarajatlar smetasida e’tiborga oladi;
OIV infeksiyali bemorlarni stasionar sharoitda davolash va ularni parvarishlash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2018 yil 18 mayda tasdiqlangan 06-4/220-sonli “Respublika va viloyat (Toshkent shaxar) yuqumli kasalliklar shifoxonalarining (markazlar va klinikalar) tibbiyot, farmasevtik va boshqa xodimlarining shtat normativlari” asosida ish o‘rinlarini ajratadi;
OIV infeksiyali bemorlarni davolash va parvarishlash bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga maosh to‘lashni Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-sonli “Tibbiyot xodimlarini mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirgan tizimini tasdiqlash” to‘g‘risidagi qarori asosida tashkil etadi;
tibbiyot xodimlarining salomatligini muhofaza qilish va shifoxona ichki infeksiyalarini oldini olish maqsadida bo‘limlarni muntazam ravishda bir marotabalik tibbiy vositalar bilan uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘radi.
Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga stasionar davolash uchun ko‘rsatmalarga ko‘ra, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga stasionar davolash uchun quyidagi hollarda ruxsat beriladi:
a) OIV infeksiyasiga chalingan bemorlar dispanser yullanmasi asosida yilda 1 marotaba profilaktik tekshiruv uchun;
b) OIV-infeksiyasi fonida kechadigan quyidagi opportunistik kasalliklarni davolash uchun:
angulyar xeylit;
o‘rab oluvchi temiratki;
tirnoqlarning zamburug‘li zararlanishi;
sababsiz vazn yo‘qotishi;
terining qichituvchi papulez toshmasi;
og‘iz bo‘shlig‘ining qaytalanuvchi yaralari;
nafas yo‘llarining qaytalanuvchi infeksiyasi (sinusit, o‘rta otit, bronxit, faringit, traxeit);
o‘tkir yarali-nekrotik stomatit, gingivit, parodondit;
orofaringeal kandidoz yoki qaytalanuvchi oral kandidoz;
noma’lum etiologiyali diareyalar;
gematologik o‘zgarishlar (kamqonlik gemoglobin 50g/ldan yuqori, trombositopeniya);
zotiljam asoratsiz;
qizilungach kandidozi yoki pastki nafas yo‘llari kandidozi;
terining surunkali vpg infeksiyasi;
surunkali kriptosporidioz (laborator tasdiqlangan);
surunkali izosporiaz (laborator tasdiqlangan);
o‘pkadan tashqari kriptokokkoz (laborator tasdiqlangan);
sitomegalovirus infeksiyasi: retinit (oftalmolog fundoskopiya-xulosasi bilan), kolit yoki ezofagit (laborator tasdiqlangan);
vich-kaxeksiya;
pnevmosistli zotiljam (pneumocystis jirovecii qo‘zg‘atgan zotiljam) (engil va o‘rta og‘ir shakllari); toksoplazmoz (laborator tasdiqlangan)–markaziy nerv tizimi zararlanishi bilan kechishi, retinit (oftalmolog fundoskopiya xulosasi bilan);
allergodermatit.
v) OIV fonida kechadigan ARV preparatlarining nojo‘ya tasirlarini davolash uchun:
g) OIV fonida kechadigan ARV preparatlarining samarasizligini aniqlash uchun.
Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga stasionar davolash uchun quyidagi shaxslarga ruxsat berilmaydi:
a) hududiy OITSga qarshi kurash markazi tomonidan yullanmasi yo‘q bo‘lgan bemorlar;
b) sil kasalligini inkor etuvchi ftiziatr xulosasi bo‘lmagan bemorlar;
v) OIV fonida spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalar iste’mol qilib kelgan shaxslar;
g) OIV fonida kechadigan barcha turdagi surunkali somatik kasalliklar, jumladan, psixo-nevrologik, nefrologik, allergologik, gematologik, yurak-kasalliklari, onkologik, teri tanosil kasalliklari, suyak-bo‘g‘im kasalliklari, ko‘z kasalliklari, sil kasalliklari, homiladorlik bilan bog‘liq kasalliklar va boshqa surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar.
Manba: kun.uz
