Yong‘in xavfsizlik qoidalari tasdiqlandi

Yong‘in xavfsizlik qoidalari tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 20 oktyabrdagi qarori Yong‘in xavfsizligi qoidalari tasdiqlandi, deya xabar qildi Adliya avzirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanali.

Yong‘in xavfsizligi qoidalari (Qoidalar) 7 bo‘lim, 41 bob va 846 banddan iborat bo‘lib, sentyabr oyida jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan edi.

Unga ko‘ra, mazkur qoidalar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, ularning xodimlari, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va fuqarolar uchun majburiydir.

Qoidalarga muvofiq, o‘ta muhim davlat ahamiyatiga molik, yirik ijtimoiy-madaniy ob’ektlarda yong‘in-texnik komissiyasi tuzilishi hamda ob’ektning yong‘in xavfsizligi pasporti ishlab chiqilishi kerak.

Bino va inshootlarning yong‘inga qarshi oraliqlarida turli buyumlar, asbob-uskunalar, qadoqlarni va transport vositalarini saqlash hamda bino inshootlarni qurish (o‘rnatish) taqiqlanadi.

1000 nafar va undan ortiq odam sig‘imiga ega bo‘lgan muassasalarda eng yaqin yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon aloqasi o‘rnatilishi kerak.

Ushbu qoidalar quyidagilarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha talablarni belgilamaydi:

  • o‘rmon xo‘jaligi hududlarida;
  • kon qazilma va shaxta inshootlarida;
  • portlovchi materiallar ishlab chiqarilayotganda, tashilayotganda, saqlanayotganda, ulardan foydalanilayotganda va ular utilizasiya qilinayotganda;
  • sanoat uchun mo‘ljallangan portlovchi materiallardan foydalanilgan holda portlatish ishlarini olib boruvchi tashkilotlarda;
  • havo, suv, temir yo‘l, avtomobil transporti hamda elektr transportida.

Ma’lumot uchun, prezidentning tegishli farmoniga asosan, 59 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatni yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat shakliga o‘tkazish belgilangan bo‘lib, mazkur qoidalar shu hujjatlardan biri hisoblanadi, deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!