Tramp Eronga qarshi yangi kuchli zarbalar bilan tahdid qildi
Donald Tramp AQSh yaqin soatlarda Eronga qarshi yana bir qator “juda kuchli zarbalar” berishi mumkinligini ma’lum qildi.
Trampning ta’kidlashicha, Eronning harbiy salohiyatiga katta zarar yetkazilgan va mamlakatning ko‘plab mudofaa ob’ektlari nishonga olingan.
“Qo‘shma Shtatlar Eronga juda qattiq zarba beradi. Uning dengiz floti, havo kuchlari, radarlari, zenit tizimlari va boshqa ko‘plab mudofaa vositalari allaqachon yo‘q qilingan”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
AQSh rahbari, shuningdek, Xark oroli va Eronning boshqa muhim neft infratuzilmasi ob’ektlari Vashington nazoratiga o‘tishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu orqali Eron neftining taxminan 90 foizi eksport qilinadi.
Tramp bu holat AQShga mintaqadagi energetika bozorlari ustidan kattaroq ta’sir o‘tkazish imkoniyatini berishi mumkinligini ta’kidladi.
11 iyun kuni AQSh Eron hududiga raketa zarbalarini qayta boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Trampning ma’lum qilishicha, nishonlarga 49 ta “Tomahok” qanotli raketa uchirilgan.
Bunga javoban Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopish masalasini ko‘targan, ammo Vashington bu ehtimolni rad etgan.
Shu bilan birga, Pit Xegset kelgusi kunlarda Eronga qarshi yangi hujumlar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.
So‘nggi bayonotlar AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik yanada keskinlashib borayotganidan dalolat bermoqda.
