Trampning Oq uydagi ulkan loyihasi: bir yilda qiymati ham, ko‘lami ham ikki baravar oshdi
AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan yangi Oq uy bal zali loyihasi bir yil ichida sezilarli darajada kengaydi. Dastlab tantanali qabullar uchun mo‘ljallangan inshoot sifatida taqdim etilgan loyihaga endi dronlar uchun tom platformasi, yer osti shifoxonasi va o‘ta maxfiy harbiy xonalar ham qo‘shilgan.
Natijada qurilishning taxminiy qiymati ham keskin oshib, 200 million dollardan 400 million dollargacha yetgan.
Tramp avvalroq mazkur qurilish amerikalik soliq to‘lovchilar uchun bir sent ham xarajat talab qilmasligini aytgan edi. Biroq respublikachi qonun chiqaruvchilar Kongressga majmua xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish takliflarini kiritgan.
Bu tashabbus AQShda yashash xarajatlari oshib borayotgan va Eron bilan ziddiyat iqtisodiy bosimni kuchaytirgan bir paytda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Loyiha qanday boshlangan edi?
O‘tgan yilning 6 iyun kuni Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida yangi bal zali qurilishi rejalashtirilgan hududni ko‘zdan kechirganini ma’lum qilgan.
Uning ta’kidlashicha, yangi zal Oq uyning tarixiy me’moriy qiyofasiga to‘liq mos keladi va davlat tashriflari hamda yirik rasmiy tadbirlar uchun xizmat qiladi.
Oradan bir oy o‘tib, ma’muriyat Sharqiy qanot o‘rnida yangi «Oq uy davlat bal zali» qurilishini rasman e’lon qildi.
Yangi zal qanday bo‘ladi?
Loyihaga ko‘ra:
▪️ maydoni 90 ming kvadrat fut (taxminan 8 400 kvadrat metr) bo‘ladi;
▪️ bir vaqtning o‘zida 650 nafar mehmonni qabul qila oladi;
▪️ bu hozirgi Oq uydagi 200 kishiga mo‘ljallangan Sharqiy zaldan uch baravardan ortiq katta bo‘ladi;
▪️ tashqi ko‘rinishi va arxitekturasi tarixiy Oq uy uslubiga moslashtiriladi.
Tramp keyinchalik mazkur ob’ektni nafaqat marosimlar uchun, balki «milliy xavfsizlik uchun ham muhim» inshoot sifatida ta’riflagan.
BBC Verify tahliliga ko‘ra, mazkur qurilish so‘nggi o‘n yilliklardagi Oq uy tarixidagi eng yirik rekonstruksiya va kengaytirish loyihalaridan biri hisoblanadi.
