Yil boshidan buyon mol go‘shti necha foizga oshgani ma’lum bo‘ldi
Prezident huzuridagi Statistika agentligining ma’lum qilishicha, joriy yil noyabr oyi oxirida O‘zbekistonda rekord darajadagi past inflyasiya kuzatildi. Ya’ni, 0,93 foizni tashkil etgan.
Bu inflyasiya 2011 yildan beri eng past ko‘rsatkich. Boshqa yillarda inflyasiya noyabr oyida 1 foiz yoki undan yuqori bo‘lgan.
Yillik inflyasiya o‘tgan yil noyabriga nisbatan 10 foizgacha pasaydi. Bundan bir oy avval bu ko‘rsatkich 10,24 foiz edi. Joriy yil boshidan esa narxlar o‘rtacha 8,67 foizga oshdi. Markaziy bank yil davomida inflyasiyani 9,5 foiz darajasida prognoz qilmoqda.
O‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘rtacha 1 foizga oshdi. Yillik hisobda 2 foizga o‘sdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari 1 foizga (8,3 foizga), pullik xizmatlar narxi 0,8 foizga (27,8 foiz) qimmatlashdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Statistika agentligi oyning 10-dan 20-kuniga qadar so‘rovlar o‘tkazadi. 20-sanadan keyingi ma’lumotlar dekabr statistikasida aks etadi.
Go‘sht tannarxining o‘sishi sekinlashdi: suyakli mol go‘shti — 0,3 foizga o‘sdi. Yil boshidan buyon mol go‘shti 12,3 foizga, qo‘zi go‘shti 13,6 foizga oshgan.
Tuxum yana 3,3 foizga qimmatladi, kungaboqar yog‘i — 2,5 foizga, sut — 1 foizga oshdi. Shakar 3 foizga (yil davomida — 2,3 foiz), guruch 5,5 foizga (-4,5 foiz), un 1,2 foizga (-3,1 foiz) arzonlashdi.
Noyabrda pomidor narxi 1,7 baravar, bodring 42 foiz, bulg‘or qalampiri 27,7 foiz, baqlajon 20,1 foiz, piyoz 10,2 foiz, kartoshka 10,1 foiz, karam 7,8 foiz oshdi. Lavlagi 3 foizga, olma 5,2 foizga, sabzi 6,1 foizga, limon 14,8 foizga arzonlashgan.
Yillik hisobda kartoshka tannarxi 33,4 foizga, sabziniki 15,7 foizga oshdi. Noyabrda alkogolli ichimliklar narxi 0,2 foizga (yil davomida — 10,4 foizga), tamaki mahsulotlari 1,9 foizga (+12,7 foizga) o‘sdi. Qish mavsumi boshlanishini hisobga olgan holda, oy davomida issiq poyabzal va ustki kiyimlar narxi 0,3−3 foizga oshdi.
Noyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkentda issiq suv ta’minoti va isitish xizmatlari uchun to‘lovlar oshgani qayd etildi. Boshqa hududlarda u o‘zgarmadi va shuning uchun mamlakat bo‘ylab inflyasiya isitish uchun 14,5 foiz va issiq suv ta’minoti uchun 9,7 foizni tashkil etdi.
Santexniklar, elektromontyorlar va bo‘yoqchilar xizmatlari oy davomida 1,1−2,2 foizga qimmatlashdi. Dori-darmonlar narxi o‘sishda davom etmoqda va noyabr oyida yana 0,7 foizga oshgan (yil boshidan buyon 25,1 foiz).
Noyabrda avtomobil gaz yonilg‘isi narxida ham o‘sish kuzatildi. Propan narxi oshishda davom etmoqda — 11,1 foiz (yil davomida — 53,3%). Benzin narxi 4,7 foizga (yil davomida 10 foizga) qimmatlagan, metan narxi esa o‘zgarmagan (yil davomida — 20,8 foizga). Xususiy bolalar bog‘chalari xizmatlari oy davomida 0,1 foizga (yil davomida — 12,1 foizga) qimmatlashdi. Oy davomida kafelardagi narxlar 1,3 foizga (yil davomida — 11,5 foiz), oshxonalar va gazakxonalardagi narxlar 1,2 foizga (+10,8 foiz) oshdi.