Yaponiyalik olim Qozog‘iston poytaxti sharafiga sakuraning yangi navini yaratdi

Yaponiyalik olim Qozog‘iston poytaxti sharafiga sakuraning yangi navini yaratdi

Yaponiyaning Xokkaydo orolida Qozog‘iston poytaxti sharafiga “Nur-Sulton” deb atalgan yangi sakura navi daraxti gulladi. Yangi nav Xokkaydo prefekturasining O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan, deya xabar beradi Kazinform Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

“Nur-Sulton” sakurasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u -40 darajagacha sovuqqa chidamlidir.

Qozog‘istonning poytaxtini ifoda etuvchi sakura gullari ikki tomonlama gullashi bois 10 ta gulbargga ega, boshqa sakuralarda esa odatda 5 ta gulbarg bo‘ladi.

Yangi sakura navining muallifi, Xokkaydo o‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti doktori Yoichi Vakita shunday deydi: “Molekulyar biolog sifatida dunyoning sovuq mintaqalarida sakurani yetishtirishdan maqsadim sovuqqa chidamli sakuraning genetik imkoniyatlarini doimiy ravishda kengaytirishdir. “Nur-Sulton” navi ilmiy tajriba va qozoq xalqiga sovg‘a”.

Sovuqqa chidamli “Chishimazakura” sakurasi Yaponiyaning shimoliy mintaqasi — Xokkaydo prefekturasida o‘sadi va O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti biotexnologiyalardan foydalangan holda sakuraning ushbu turini doimiy ravishda tadqiq qiladi.

Sakura daraxti — Yaponiyaning milliy brendi. Xanami (gullash) davrida sakurani tomosha qilish uchun har yili mamlakatga millionlab sayyohlar keladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!