Yangi aksiya: Yurtimizda nogironligi bo‘lgan bolalar salomatligi oyligi boshlandi

Yangi aksiya: Yurtimizda nogironligi bo‘lgan bolalar salomatligi oyligi boshlandi

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yil yurtimiz bo‘ylab tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan 2 ming nafar bemor bolada bepul yuqori texnologik operasiyalar o‘tkazilmoqda.

Buning uchun davlatimiz tomonidan 64 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlarida navbatsiz, imtiyozli yo‘llanmasiz, eng malakali shifokorlar tomonidan jarrohlik amaliyotlari bajarilyapti.

Mazkur ezgu tashabbusning davomi sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimizda ilk bor “Dispanser nazoratida turgan hamda nogironligi bo‘lgan bolalar salomatligi oyligi” boshlandi.

Shu yil 7 iyundan 7 iyulga qadar bo‘lib o‘tadigan mazkur aksiya davomida surunkali va og‘ir xastaliklarga chalinib, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan bemor o‘g‘il-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi.

— Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlarining patronaj va amaliyot hamshiralari tomonidan o‘z uchastkasidagi dispanser nazoratida turgan hamda nogironligi bo‘lgan bolalar bazasi shakllantiriladi, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. — Shundan so‘ng maxsus tibbiy brigadalar tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Xususan:
ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar mutaxassislari jalb qilingan holda oilaviy poliklinika va oilaviy shifokor punktlarida tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi;
xonadonlarda tibbiy-diagnostika muolajalari amalga oshiriladi;
zarurat bo‘lganda KTMPda tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, tibbiy ko‘riklarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarining eng malakali mutaxassislari jalb etiladi.

Tekshiruvlarda aniqlangan kasalliklar bo‘yicha har bir bola salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘rilib, ular uchun alohida sog‘lomlashtirish rejasi tuziladi.

Unga ko‘ra:
bemor bolalarning bir guruhi uy sharoitida;
birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator holatda;
stasionar yordamga muhtoj bemorlar tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi.

Bundan tashqari, yuqori texnologik tibbiy yordamga ehtiyoji bor bolalarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!