Yana bir shaxs aybsiz deb topilib, oqlandi

Yana bir shaxs aybsiz deb topilib, oqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining 2014 yil 10 iyuldagi hukmiga ko‘ra, SH.Saitov, O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 3-qismining “a” bandi, 209-moddasi 2-qismining “a” bandi aybli deb topilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan JKning 45-moddasiga asosan, 3  yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida 22.880.000 so‘m jarima jazosi; JK 209-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan eng kam oylik ish xakining 300 baravari miqdorida 17.160.000  so‘m jarima jazosi; tayinlangan jazolarni JKning 59-moddasi tartibida qisman qo‘shib, 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida 28.600.000 so‘m jarima jazosiga sudlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, SH.Saitov, 2001 yilning 15 fevral kunidan 2013 yilning 08 iyul kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Kogon filialida boshqaruvchi lavozimida ishlab kelib, mansab vakolatini suiiste’mol qilib, bankning Buxoro bo‘limi umumiy bo‘lim bosh mutaxassisi R.Raupov, “Kogon-Bunyodkor” shu’ba korxonasi rahbari M.Gafurov, “Ogox” xususiy korxonasi ish yurituvchisi S.Yandashev, “Magamed stroy servis” MCHJ rahbari M.Fidarov va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, unga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida bo‘lgan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastarata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Xususan, SH.Saitov 2010 yilning 09 aprel kuni “20-trest” MCHJ “Kogon-Bunyodkor” SHK raxbari M.Gafurov bilan 1.207.073.752 so‘mlik “O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki Kogon filiali binosi” ob’ektini qurish to‘g‘risida 1-sonli shartnomani tuzib, shartnomaga asosan umumqurilish ishlari yuzasidan 29.04.2010 yildagi 73.933.430 so‘mlik, yildagi 192.092.330 so‘mlik, 27.06.2010 yildagi 186.718.770 so‘mlik, yildagi 147.046.490 so‘mlik, 27.07.2010 yildagi 141.221.080 so‘mlik, yildagi 141.691.018 so‘mlik, 24.10.2010 yildagi 113.178.264 so‘mlik, yildagi 50.423.630 so‘mlik, 2011 yil mart oyidagi 42.797.898 so‘mlik, sanasi ko‘rsatilmagan 36.106.422 so‘mlik va 19.427.364 so‘mlik, jami 1.144.636.696 so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari yuzasidan bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi dalolatnoma (Forma-2) xamda bajarilgan ishlar qiymati to‘g‘risidagi hisob-fakturalarni (Forma-3) rasmiylashtirib, mazkur hujjatlarda aks ettirilgan qurilish ob’ektida bajarilgan ishlarni, shu jumladan “Kogon Bunyodkor” shu’ba korxonasi tomonidan aslida bajarilmagan, ya’ni mazkur korxona tomonidan ortiqcha qo‘shib ko‘rsatilgan 43.638.990 so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini qabul qilib olib, pudratchi korxona rahbari M.Gafurov bilan oldindan til biriktirib, bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi dalolatnoma hamda bajarilgan ishlar qiymati to‘g‘risidagi hisob-fakturalarga bila turib, soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, yuqoridagi hujjatlarni imzolab, tuzilgan soxta hujjatlarni to‘lovga taqdim etib, natijada bank tomonidan unga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida bo‘lgan 43.638.990 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan hamda bank aksiyadorlari va davlat manfaatlariga shuncha miqdorda zarar yetkazgan.

Kassasiya shikoyatida, sudlangan SH.Saitov, birinchi instansiya sudining hukmi asossizligi, uning aybi yetarli dalillar bilan isbotlanmaganligi, qurilish bo‘yicha mutaxassis emasligi, uning tashabbusi bo‘yicha tekshiruvchilar jalb qilinib 70.000.000 so‘mdan ortiq pul mablag‘lari qaytarilganligi, ish bo‘yicha biror shaxs unga nisbatan qarshi ko‘rsatuv bermaganligi, ishda jinoiy faoliyat olib borganligini tasdiqlovchi dalilllar mavjud emasligi, ish bo‘yicha buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlar fuqarolik huquqiy munosabatlar hisoblanishi, uning harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligini, ish bo‘yicha har qanday shubha va gumon uning foydasiga hal qilinishi lozimligi haqida vajlar keltirib, hukmni bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Sudlov hay’ati, sud hukmini bekor qilib, SH.Saitovni reabilitasiya etishni lozim deb topadi.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 9-moddasida shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishi uchungina javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22-moddasiga binoan, sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlarni aniqlashi va hisobga olishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 7-sonli Qarorining 4-bandida, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Biroq, birinchi instansiya sudi SH.Saitovga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan Qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilmagan.

Chunonchi, jinoyat ishi hujjatlaridan ko‘rinishicha, SH.Saitov, 2010 yilning aprel oyidan to 2011 yilning avgust oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki Buxoro bo‘limi umumiy bo‘lim bosh mutaxassisi Raupov Raxim Karimovich, “Kogon-Bunyodkor” shu’ba korxonasi rahbari Gafurov Mardon Fayzulloyevich, “Ogox” xususiy korxonasi ish yurituvchisi Yandashev Sadriddin Nasriyevich, “Magamed stroy servis” MCHJ rahbari Fidarov Magomedxan Shayxramazonovich va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, unga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida bo‘lgan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastarata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ayblanib, sudlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 650-moddasida ishning sifati lozim darajada bo‘lmaganligi uchun pudratchining javobgarligiga oid normalar ko‘rsatilgan bo‘lib, unga binoan ish pudratchi tomonidan lozim darajada bajarilmagan taqdirda buyurtmachi kamchiliklarni oqilona muddatlarda bepul barataraf etishni, ish uchun belgilangan bahoni mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishi mumkin.

Jinoyat ishi materiallarida ham bankning Kogon filiali binosi qurilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi TIF Milliy banki mutaxassislari A.Muratov, Ye.Po‘latov va E.Salimovlar tomonidan tekshirilganda 22.248.319 so‘m ortiqcha ish hajmlari aniqlanganligi, qurilish tugallangandan so‘ng esa “Qishloq Qurilish invest” ISHIK mutaxassisi M.Jumayev tomonidan nazorat o‘lchovi o‘tkazilganda 50.081.653 so‘m, jami bo‘lib 72.329.972 so‘mlik ortiqcha olingan ish hajmi aniqlanganligiga oid hujjatlar mavjud bo‘lib, ortiqcha olingan summalar bajarilgan ishlar dalolatnomalaridan (F-3, F-2) chegirib qolingan. Mazkur holat ham SH.Saitovning “Men pudratchi tashkilotlar rahbarlari bilan jinoiy til biriktirgan taqdirda o‘zimning tashabbusim bilan ushbu tekshirishlarni o‘tkazmagan bo‘lar edim va bajarilgan ishlar summasidan ortiqcha hisoblangan summalar chegirilmagan bo‘lar edi” – deb keltirgan vajlarining to‘g‘riligini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 21 maydagi “Jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 4-sonli qarorining 5-bandida, qonunga ko‘ra, hukm taxminlarga asoslanishi mumkin emasligi tufayli moddiy qimmatliklar kamomadi faktining o‘zi, agar uning sabablari tergov va sud tomonidan aniqlanmagan bo‘lsa, talon-toroj qilish jinoyati sifatida baholanishi mumkin emasligini sudlar nazarda tutishlari kerakligi, shaxsni o‘zganing mulkini talon-toroj qilishda (JK 167-moddasi) aybdor deb topish uchun bu mulk aybdor tomonidan o‘z foydasiga yoki boshqa shaxslar foydasiga qaratilganligini tasdiqlovchi aniq faktlarga asoslanmoq zarurligi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.

Garchi, jinoyat ishidagi tekshirish hujjatlarida, chunonchi TIF Milliy banki Kogon filiali binosi qurilishi ob’ekti bo‘yicha qurilish montaj ishlarini nazorat o‘lchovidan o‘tkazish yuzasidan tuzilgan dalolatnomalarda ish hajmlari ortiqcha hisoblanganligi aniqlangan bo‘lsada, biroq ishda aynan SH.Saitovning mazkur holatlarda jinoiy ishtirokchiligi bo‘lganligini tasdiqlovchi aniq faktlar, dalillar mavjud emas. Shu bois ham, dastlabki tergov organi va birinchi instansiya sudining SH.Saitovning oldindan jinoiy til biriktirib, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganligi, mansab soxtakorligiga oid xulosalari faqat taxminga asoslangan bo‘lib, prosessual qonunning hukm taxminlarga asoslanishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi talablariga javob bermaydi.

O‘z navbatida, mazkur jinoyat ishining R.Raupov, M.G‘afurov, S.Yandashev, M.Fidarovga oid qismi, ularning arizalariga asosan jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining 2014 yil 15 may kunidagi ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi JPK 84-moddasi 1-qismining 2-bandiga binoan, ya’ni ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmasdan amnistiya akti asosida tugatilgan. Shu bois ham, sudlov hay’ati, jinoyat ishining pudratchi tashkilotlar rahbarlariga oid qismi ularning aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmagan holatda tugatilgan bir vaziyatda, ular bilan oldindan jinoiy til biriktirib o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilishda ayblangan SH.Saitovning aybi isbotlanganligi to‘g‘risidagi xulosasiga qo‘shila olmaydi.                

Xuddi shuningdek, sudlov hay’ati, SH.Saitovning o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganligi holati sud muhokamasida tasdiqlanmaganligi bois, uning harakatida talon-torojni amalga oshirish uchun sodir qilingan deb hisoblangan, faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir qilinadigan mansab soxtakorligi jinoyati tarkibi ham mavjud emas deb hisoblaydi.

Sudlov hay’ati, yuqorida qayd etilgan asoslardan kelib chiqib,  SH.Saitovning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 3-qismining “a” bandi,  209-moddasi 2-qismining “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjud emas deb topadi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 463-moddasiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqarilishi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha  kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasiga muvofiq, qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topilishi lozim.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining 2014 yil 10 iyuldagi Saitov Sherali Yeraxmatovichga oid  hukmi bekor qilinib, OQLANDI.

 

S. Nayimov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!