Xotin-qizlarni qiynayotgan huquqiy masalalarga yechim izlandi

Xotin-qizlarni qiynayotgan huquqiy masalalarga yechim izlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 145-sonli qarori hamda Oliy sudning 2022 yil 23 apreldagi MIB-61/22-sonli topshirig‘i ijrosi doirasida sudyalar tomonidan joylarda fuqarolar bilan davra suhbati o‘tkazib kelinyapti. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova xabar qildi.

Galdagi uchrashuv Sirg‘ali tumani “Ittifoq” MFY binosida bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Xamidjon Shamshiyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyalari Farhod Shukurov, Sherzod Yuldashev, Anvar Dusmurodov va Sirg‘ali tuman IIO FMB Probasiya bo‘limi xodimlari, “Ittifoq” MFY raisi, jami 20 kishidan iborat mahalla faollari va “Temir daftar”ga kiritilgan ayollar ishtirok etishdi.

Kun tartibiga qo‘yilgan masala esa “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan huquqiy masalalari yuzasidan suhbat o‘tkazish, ularning murojaatlari va muammolarini o‘rganish hamda hal etishdan iborat.

“Ittifoq” MFY raisi yig‘ilishni ochib, kun tartibini e’lon qilgach, so‘z navbati jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyasi Farhod Shukurovga berildi.

Farhod Shukurov tomonidan mamlakatimizda so‘nggi yillarda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar, ayollarning ijtimoiy muhofazasi, ularni qo‘llab quvvatlash borasida qabul qilinayotgan davlat dasturlari va qonunlar haqida ma’ruza qilinib, “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishsiz ayollar, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand ayollar, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan ayollar, tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand 15 nafar ayollarning huquqiy masalalari hamda ijtimoiy sohadagi savollari bo‘yicha atroflicha javoblar berildi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar tomonidan, jumladan, muqaddam Jinoyat kodeksining ayrim moddalari bilan sudlanib, jazoni o‘tab chiqqan shaxslarning sudlanganlik holatini olib tashlash, jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, oila va nikoh masalalariga oid, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz va boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand ayollarga uy-joylar ajratish bo‘yicha bank muassasalaridan imtiyozli kreditlar ajratilishi va uy-joyga egalik qilish bo‘yicha berilgan savollar hamda mavjud muammolarni hal etish yuzasidan huquqiy tushuntirishlar va tavsiyalar berildi, - deydi Toshkent shahar sudi sudyasi Xamidjon Shamshiyev.

Yig‘ilish so‘ngida tuman sudi sudyalari Sherzod Yuldashev va Anvar Dusmurodov jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, aniq maqsadga yo‘naltirilgan tadbirlarini olib borishda huquqiy madaniyatni oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Yig‘ilish qatnashchilari kelgusida ushbu mazmundagi suhbatlarni muntazam ravishda tez-tez o‘tkazib turish, fuqarolar orasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozimligi haqida takliflarini bildirishdi.

Xotin-qizlarni qiynayotgan huquqiy masalalarga yechim izlandi

Xotin-qizlarni qiynayotgan huquqiy masalalarga yechim izlandi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!