Xitoy "Trampga qarshi ittifoq" tuzmoqda

Xitoy hukumati amaldorlarini "harbiy holat"ga o‘tkazdi, diplomatlarga esa boshqa mamlakatlarni AQSh prezidenti Donald Trampning bojxona to‘lovlariga qarshi chiqishga ishontirish vazifasi topshirildi.
Bu haqda Reuters bir nechta manbaga asoslanib xabar bermoqda.
Xitoy bir necha oy davomida savdo urushining avj olishidan qochishga intildi. Diplomatlar Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlari bilan aloqa o‘rnatishga urindilar, ayrimlari savdo bitimi tuzish, TikTok sotuvi bo‘yicha kelishuvni yakunlash va hatto Tayvan masalasini hal qilishga umid bog‘ladilar. Biroq respublikachi tomonidan oxir-oqibat 145 foizgacha oshirilgan bojxona to‘lovlari e’lon qilingach, Pekin javob choralarini ko‘rishga qaror qildi.
Tashqi ishlar va savdo vazirliklari amaldorlariga rejalashtirilgan ta’tillarni bekor qilish va mobil telefonlarini kecha-kunduz yoqiq holda saqlash buyurildi. Xitoy Tramp boj to‘lovlarini joriy etgan boshqa davlatlar bilan aloqani saqlab qoldi, jumladan, hamkorlikka da’vat etuvchi maktublar yubordi. Ikki manbaning aytishicha, Pekin AQShning Yevropadagi ittifoqchilari, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan ham aloqa o‘rnatgan.
Xitoy hukumati amaldorlariga respublikachi siyosatini o‘rganib chiqish va asta-sekin kuchaytirilishi mumkin bo‘lgan qarshi choralarni taklif qilishni topshirdi, deb xabar bermoqda agentlik manbalari. Natijada, Xitoy AQSh tovarlariga boj to‘lovlari (vaqt o‘tishi bilan hukumat ularni 125 foizgacha oshirdi), 60 ga yaqin Amerika kompaniyalari uchun cheklovlar va nodir yer metallari eksportini qattiqlashtirishni o‘z ichiga olgan javob strategiyasini ishlab chiqdi.
14 aprel kuni Xitoy raisi Si Szinpin Vetnamga tashrif buyurdi, so‘ngra u Malayziya va Kambodjaga borish niyatida. Bu uning 2025 yildagi birinchi xorijiy safari bo‘lib, Bloomberg nashrining yozishicha, u Pekinning mintaqadagi ta’sirini namoyish etishga qaratilgan. Toronto universiteti professori, xitoyshunos Linett Ong agentlikka shunday dedi: "Men buni Si savdo urushida Qo‘shma Shtatlarga qarshi turish uchun ittifoqlar shakllantirishga urinishi deb baholagan bo‘lardim."