Xitoy Intel kompaniyasiga nisbatan tergov boshlashi mumkin

Singapurning «Lianhe Zaobao» nashri Xitoyda chip ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyasi bo‘lmish Intel kompaniyasiga nisbatan tergov o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Xitoy rasmiylari AQShning Google va NVIDIA kompaniyalari ustidan monopoliyaga qarshi tekshiruvni qayta boshlash to‘g‘risidagi qarordan so‘ng Intelga qarshi yangi tergov o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Vaziyatdan xabardor odamlardan biri Intelga nisbatan tergov mohiyati hali aniqlanmaganini va uning rasman boshlanishi Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar qanday rivojlanishiga bog‘liq bo‘lishini aytdi. Nashrning yozishicha, Xitoy rahbari Si Szinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda telefon orqali gaplashishi mumkin.
Xitoy Intelning eng yirik bozoridir. 2024 yilda kompaniyaning Xitoydagi savdosi 15,5 milliard dollarga yetdi, bu uning global daromadining 29 foizini tashkil qiladi.
Xitoyning bozorni tartibga solish davlat bosh boshqarmasi o‘tgan yilning dekabr oyida NVIDIAga qarshi monopoliyaga qarshi tekshiruv boshlanganini e’lon qildi. 4 fevral kuni xuddi shunday tergov Googlega nisbatan boshlangani ma’lum qilingan edi.
Xitoyning Sinxua universiteti qoshidagi Milliy strategiyalar instituti eksperti Lyu Syuyning taxminicha, bu tekshiruvlar Xitoy rasmiylarining Tramp ma’muriyatining yangi tarif choralariga qarshi javob choralarining bir qismi bo‘lishi mumkin.
Biroq, ekspertning fikricha, monopoliyaga qarshi tekshiruvdan savdo muzokaralarida vosita sifatida foydalanish AQSh boj siyosatidan ta’sirlangan Xitoy kompaniyalarini himoya qilishning eng samarali usuli bo‘lmasligi mumkin. Uning fikricha, bu keskinlikni yanada kuchaytiradi.