Xitoy hukumati AQSh bilan savdo urushi doirasida aviakompaniyalarga Boeing samolyotlarini qabul qilmaslikni buyurdi – Bloomberg

Agentlik manbalariga ko‘ra, Xitoy hukumati, shuningdek, tashuvchilardan Qo‘shma Shtatlar kompaniyasi samolyotlari uchun uskunalar va ehtiyot qismlarni sotib olishni to‘xtatishni talab qilgan.
"Pekin Donald Trampning savdo tariflariga javoban AQSh mahsulotlariga qo‘yilgan bojlar o‘z-o‘zidan Amerika samolyotlari va ehtiyot qismlarining narxini ikki baravardan ko‘proqqa oshiradi, shu sababli ularning sotib olinishi maqsadga muvofiq emas degan fikrda", deya xabar bermoqda nashr.
Agentlikka ko‘ra, Xitoy hukumati Boeing samolyotlarini ijaraga olgan va yuqori xarajatlarga duch kelayotgan aviakompaniyalarga yordam ko‘rsatish yo‘llarini ham ko‘rib chiqmoqda.
"Garchi Airbus muhim yetkazib beruvchi bo‘lsa-da va xitoylik tashuvchilar mahalliy Comac C919 samolyotlariga umid bog‘layotgan bo‘lsa ham, aviakompaniyalar texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va almashtirish talab qiladigan yuzlab Boeing samolyotlariga ega", — deya ma’lum qildi Bloomberg manbalari.
Aviation Flights Group ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy aviakompaniyalari 10 ga yaqin yangi Boeing 737 Max samolyotlari yetkazib berilishini kutmoqda. Ularning ba’zilari Siyetldagi Boeing zavod bazasida, boshqalari esa Xitoy sharqidagi Chjoushan shahridagi yakuniy ishlov berish markazida joylashgan.
Manbalarning xabar berishicha, ushbu samolyotlarning bir qismini yetkazib berish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish o‘zaro tariflar joriy etilgunga qadar yakunlangan bo‘lishi mumkin.