Xitoy aviatashuvchisi birinchi marta Yaponiya suvlariga kirdi
Xitoyning samolyot tashuvchi kemasi chorshanba kuni birinchi marta Yaponiyaning tutash suvlariga kirdi, deb xabar qildi Yaponiya mudofaa vazirligi. Bu qo‘shnilar o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirgan qator harbiy manevrlarning oxirgisi bo‘ldi.
Ikki esminet hamrohligida Yaponiyaning janubiy Yonaguni va Iriomote orollari o‘rtasida suzib o‘tgan tashuvchi o‘z qirg‘oq chizig‘idan 24 dengiz miligacha cho‘zilgan hududga kirib bordi. U yerda Yaponiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan ba’zi nazoratlarni amalga oshirishi mumkin hisoblanadi.
Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi o‘rinbosari Xiroshi Moriya Tokio Pekinga o‘zining «jiddiy xavotirlarini» yetkazganini aytdi va bu hodisani «Yaponiya va mintaqaning xavfsizlik muhiti nuqtai nazaridan mutlaqo qabul qilib bo‘lmas» deb ta’rifladi.
«Biz Xitoy dengiz floti kemalarining mamlakatimiz atrofidagi suvlardagi faoliyatini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz va ma’lumot to‘plash, hushyorlik va kuzatuv o‘tkazish uchun barcha choralarni ko‘ramiz», dedi Moriya matbuot anjumanida.
So‘nggi yillarda Yaponiya yaqinida va Tayvan atrofida Xitoy harbiy faoliyatining kuchayishi Tokioda xavotir uyg‘otdi.
Chorshanba kuni ertalab Tayvan mudofaa vazirligi xuddi shu Xitoy samolyot tashuvchi guruhini o‘zining sharqiy qirg‘og‘idagi suvlar orqali Tayvandan 69 mil sharqda joylashgan Yaponiyaning eng janubiy oroli Yonaguni yo‘nalishida suzib ketayotganini aniqlaganini aytdi.
Demokratik tarzda boshqariladigan Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydigan Xitoy, Taypeyning keskin e’tirozlariga qaramay, Pekinning suverenitet da’vosini qabul qilishi uchun unga bosim o‘tkazish maqsadida besh yil davomida orol atrofida muntazam mashqlar o‘tkazmoqda.