Navoiyda Yangi yil tadbiriga chaqirilgan 79 yoshli bog‘cha mudirasi YTH oqibatida vafot etdi
Navoiyda qoldirilgan Yangi yil tadbiriga ketayotgan bog‘cha mudiralari Konimex—Zarafshon yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lida yo‘l transport hodisasiga uchragan. Holat kecha, 28 dekabr kuni sodir bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi topshirig‘i bilan olis hududlar – Uchquduq va Tomdi tumanlari hamda Zarafshon shahridan ta’lim tizimi xodimlari Navoiy shahriga tadbirga chaqirilgan.
Tadbirga Zarafshon shahridan kelayotgan 4 nafar bog‘cha mudirasi yo‘lda yo‘l transport hodisasiga uchragan. Ulardan biri mashina boshqaruvida bo‘lgan. Hodisa oqibatida bir nafar mudira voqea joyida vafot etgan. Qolgan uch kishi esa olingan turli tan jarohatlari natijasida shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda ularning holati yaxshi ekani aytilmoqda.
Holat yuzasidan Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, 28 dekabr kuni soat 10:30 da viloyat “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida Navoiy viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbiri o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Sarhisob tadbirida uzoq yillar ta’lim sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan, 2024 yilda yutuqlarga erishgan rahbar kadrlarni, tizimda yuqori natijalarga erishgan pedagog xodimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan edi.
Rag‘batlantiriluvchi rahbar kadrlar orasida Zarafshon shahridagi 3-son davlat maktabgacha ta’lim muassasasi direktori Gubina Galina Fedorovna ham bor bo‘lgan. Yo‘lda avtohalokat tufayli Galina Fedorovnaning vafoti munosabati bilan tadbir qoldirilganini ma’lum qilamiz”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Galina Gubina 1972 yildan buyon Zarafshon shahridagi 3-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori sifatida faoliyat yuritgan.