Xalqaro Universitet sporti federasiyasiga rahbar saylandi

Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tgan Xalqaro Universitet sporti federasiyasi (FISU) Bosh Assambleyasi 38-sessiyasida Leons Eder tashkilot prezidenti etib saylandi.
Asli shveysariyalik mutaxassis to‘rt yil mobaynida FISU rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda o‘ziga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirgan Leons Eder federasiyaning 75 yillik yubileyi yaqinlashayotganini qayd etib, universitet sportini rivojlantirish borasida qilinishi kerak bo‘lgan muhim ishlar bisyorligini ta’kidladi.
Anjuman davomida delegatlar o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ijroiya qo‘mita a’zolari hisobotini tinglashdi. Shuningdek, 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan musobaqalar taqvimi, Ijroiya qo‘mitaning yangi tarkibi tasdiqlandi.
Bundan tashqari qishki Turin-2025 va yozgi Reyn-Rur-2025 Jahon Universiada o‘yinlari, Chuncheon-2027 va Shimoliy Karolina-2029 Universidasi masalalari ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Universitet sporti federasiyasi (FISU) Bosh Assambleyasi 38-sessiyasida O‘zbekiston talabalar sporti assosiasiyasi raisi Jasur Akramov ishtirok etdi.