Xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni qanday?

Xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni qanday?

Mamlakatimizning ustuvor reytinglarda yuqorilab borayotgani yurtimizda aholi turmush farovonligini oshirish, jamiyatda ochiqlik, oshkoralikni ta’minlash borasida qilinayotgan ezgu ishlar natijasidir.

2022 yilda O‘zbekiston 2021 yilda e’lon qilingan va o‘zi uchun ustuvor deb bilgan jami 19 xalqaro reytingdan 11 tasida o‘z pozisiyasini yaxshiladi. Jumladan, 2022 yilda Global innovasiyalar indeksida o‘z o‘rnini 4 pog‘onaga ko‘tarib, 132 davlat orasida 82-o‘rinni, Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksida 5 pog‘onaga ko‘tarib, 154 davlat orasida 89-o‘rinni, Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida 18 pog‘ona yaxshilab, 193 davlat ichida 69-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash muammolari: nazariya, amaliyot va strategiya” mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, olimlar, yosh tadqiqotchilar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, professor Adham Bekmurodov xalqaro reyting va indekslar dunyodagi institusional muhitning sifatini baholashda iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti sifatida jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan vosita ekanini qayd etdi.

Mamlakatimizning har bir jabhasida yangilik va bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Tabiiyki, bunday yangilanishlar natijasi nafaqat xalqimiz hayotida, balki nufuzli xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yuqorilab borayotganida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi farmoni, 2022 yil 18 maydagi “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat hamda amaliy faoliyat uyg‘unligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Konferensiyada siyosatchi va olimlardan 500 dan ortiq, xorijiy tadqiqotchilardan 50 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar kelib tushdi hamda ularning 200 tasi tanlab olindi.

“Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali bilan hamkorlikda har bir maqolaga raqamli identifikator raqami (DOI) olinib, Polshaning “Indeks Copernikus”, Yevropaning “Zenodo va Open Aire”, Rossiyaning “Cyberlinenka”, Angliyaning “EuroPub” xalqaro ilmiy bazalariga joylashtirildi. “Google akademiya” xalqaro ilmiy qidiruv tizimida indekslandi.

Bu esa, anjuman doirasida nashr etilgan maqola va tezislardan dunyoning turli nuqtalaridagi tadqiqotchilar erkin foydalanishiga imkon yaratadi.

Hammamizga ma’lumki, har bir indeks boshqa indeks va reytinglar bilan o‘zaro bog‘liq. Shu sababli anjuman sohadagi muammolarni aniqlashga, ularga yechim va tavsiyalar ishlab chiqishga, qolaversa, xalqaro tajribalar almashishga keng zamin yaratdi.

Mutaxassislar bildirgan taklif va tavsiyalar bugungi kunda O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilashga dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!