“Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019” sovrindorlari kutib olindi

“Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019” sovrindorlari kutib olindi

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida V “Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019” doirasida Rossiya Federasiyasida o‘tkazilgan “REMBAT” – “Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuasiya batalyoni” musobaqasi, “Harbiy ralli” tanlovida yuqori natijalarga erishgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy jamoalari tantanali kutib olindi.

 

Rossiyaning Omsk shahrida o‘tkazilgan “REMBAT” – “Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuasiya batalyoni” musobaqasida ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi yakka tartibdagi poyga, harbiy texnika estafetasi, otish tayyorgarligi, jamoa sardorlari bellashuvi shartlarini muvaffaqiyatli bajarib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.

 

– Musobaqa oldidan qilingan puxta tayyorgarlik o‘z samarasini berdi, – dedi jamoaga boshchilik qilgan podpolkovnik Ismoil Navro‘zov. – Ushbu natija birgina bizning emas, balki butun O‘zbekistonimiz yutug‘idir. Muhimi, xalqaro armiya o‘yinlari orqali boshqa davlatlar harbiylari bilan yaqindan do‘stlashdik. Harbiy sohaga oid malakamizni oshirdik.

Terma jamoamiz a’zolari Tuva Respublikasida bo‘lib o‘tgan “Harbiy ralli” tanlovida “Yakka tartibdagi poyga”, “Ta’qib bilan poyga”, “Otish tayyorgarligi” va “Guruh yordamida poyga” kabi 4 ta tur bo‘yicha faol qatnashdi. 

 

Harbiy orkestr musiqa sadolari ostida xalqaro musobaqa ishtirokchilarini Mudofaa vazirligi mas’ullari, harbiylar va oila a’zolari kutib oldi.

 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida tashkil etilgan tantanali tadbirda so‘nggi yillarda tashkil etilayotgan harbiy-sport musobaqalari, avvalo, harbiylarimiz mahoratini oshirib, jangovar shayligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yordam berishi alohida ta’kidlandi.

 

Tadbirda xalqaro musobaqa ishtirokchilari o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi.

Manba: uza. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!