Wikipedia’da O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlar ko‘payadi, o‘zbekcha versiyasidagi axborot boyitiladi

Wikipedia’da O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlar ko‘payadi, o‘zbekcha versiyasidagi axborot boyitiladi

Wikipedia internet-ensiklopediyasi O‘zbekiston to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi. Hukumat qarori bilan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda ishtirokini faollashtirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Bu haqida Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar qilmoqda, deb yozadi O‘zA.

Konsepsiyani amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida axborotlashgan jamiyatni jadal shakllantirish, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining veb-resurslarini fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes tuzilmalarning intellektual va axborot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etish nazarda tutilgan.

«Yo‘l xaritasi»da tegishli yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan turli chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, Wikipedia internet-ensiklopediyasini O‘zbekiston to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirish, uning o‘zbek tilidagi versiyasi mundarijasini boyitish, ijtimoiy tarmoqlarda «Virtual dunyoda O‘zbekiston muzeylari» loyihasini ishlab chiqish, O‘zbekistonning global virtual makondagi turistik salohiyatini ta’minlashga qaratilgan Visit Uzbekistan (Uzbekistan — your dreams — «O‘zbekiston — orzuingizdagi mamlakat»; Wonderful Uzbekistan — «G‘aroyib O‘zbekiston») kabi loyihalarni amalga oshirish vazifalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolarga masofadan tibbiy yordam ko‘rsatish va shifokorlarning, ayniqsa, qishloq joylarida faoliyat yuritishini ta’minlash uchun teletizimlarni joriy etish, onlayn-diagnostika faoliyatini yo‘lga qo‘yish singari chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!