WhatsApp Rossiyada to‘liq bloklanishi mumkin
Rossiya rasmiylari messenjer faoliyatini yil oxirigacha to‘liq bloklash rejasi borligini ma’lum qildi.
Rossiyada WhatsApp messenjeri 2026 yil oxirigacha to‘liq bloklanishi mumkin. Bu haqda Davlat dumasining axborot siyosati, axborot texnologiyalari va aloqa qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Svinsov ma’lum qildi.
Deputatning ta’kidlashicha, WhatsApp Rossiyada ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan va 2022 yildan beri taqiqlangan Meta kompaniyasiga tegishli. Shu sababli, messenjerga nisbatan qo‘llanilayotgan choralar qonun doirasida asosli hisoblanadi. Ayniqsa, 2026 yil Rossiyada saylov yili ekanini inobatga olganda, bunday qat’iy qarorlar siyosiy jihatdan ham asoslangan, deya qayd etdi Svinsov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Roskomnadzor yil oxirigacha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqib, platformani to‘liq bloklashga qaratilgan qaror qabul qilishi mumkin. Bundan tashqari, deputat o‘z atrofidagi ko‘plab foydalanuvchilar allaqachon WhatsApp'dan voz kechib, Telegram yoki mahalliy Max messenjeriga o‘tganini bildirdi.
Ma’lumki, WhatsApp'ga qarshi cheklovlar Rossiyada 2025 yil o‘rtalaridan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilgan. Avgust oyida Roskomnadzor Telegram bilan bir qatorda ushbu messenjerda ham qo‘ng‘iroqlar funksiyasini chekladi. Bu qaror platformalardan firibgarlik, tovlamachilik va terroristik faoliyatda foydalanish holatlari ko‘paygani bilan izohlangan.
Roskomnadzor esa, agar platforma Rossiya qonunchiligi talablariga rioya qilmasa, unga nisbatan cheklovlar yanada kuchaytirilishini ma’lum qildi.
