Indoneziya va Malayziya Grok sun’iy intellekt tizimini blokladi
Indoneziya va Malayziya Grok sun’iy intellekt tizimini blokladi.
Ayollar va voyaga yetmaganlar ishtirokidagi soxta pornografik kontent yaratilishidan xavotir bildirgan Indoneziya va Malayziya rasmiylari Grok sun’iy intellekt tizimiga kirishni vaqtincha to‘xtatdi.
Bu choralar realistik tasvirlar, ovoz va matn yaratishga qodir generativ sun’iy intellekt vositalari bo‘yicha butun dunyoda kuchayib borayotgan xavotirlarni aks ettiradi. Chunki mavjud himoya mexanizmlari ularning suiiste’mol qilinishining oldini olishga yetarli darajada qodir emas.
Ilon Maskga tegishli X ijtimoiy tarmog‘i orqali foydalaniladigan Grok chat-boti ayollarni bikini yoki jinsiy mazmundagi holatlarda tasvirlash, shuningdek bolalar ishtirokidagi obrazlarni yaratish kabi manipulyasiyalangan rasmlar yaratgani uchun keng tanqidga uchradi.
Janubi-Sharqiy Osiyodagi ikki davlat mavjud nazorat choralariga qaramay, ayollar va voyaga yetmaganlar ishtirokidagi soxta pornografik kontent yaratilishi va tarqalishining oldi olinmayotganini ma’lum qildi. Indoneziya hukumati 10 yanvar kuni Grokʼga kirishni vaqtincha blokladi, undan keyin yakshanba kuni Malayziya ham xuddi shunday qaror qabul qildi.
“Roziliksiz yaratilgan jinsiy dipfeyklar hukumat tomonidan inson huquqlari, qadr-qimmat va fuqarolarning raqamli makondagi xavfsizligiga jiddiy tajovuz sifatida baholanadi”, — dedi Indoneziya Aloqa va raqamli masalalar vaziri Meutya Hafid o‘z bayonotida.
Kuala-Lumpurda Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi kecha Grokʼga vaqtinchalik cheklov joriy qildi.
“Cheklov huquqiy va tartibga solish jarayonlari davom etayotgan bir paytda oldini oluvchi va mutanosib chora sifatida joriy etildi”, — deyiladi bayonotda. Samarali himoya vositalari joriy etilmaguncha Grokʼga kirish yopiq qolishi qo‘shimcha qilindi.
