Vazir: «Maktablarni epidemik o‘choqqa aylantirib qo‘yishga haqqimiz yo‘q»
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida maktablarda 2020-2021 o‘quv yilini tashkil etishda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
🔹Vazir o‘z so‘zida pandemiya sharoitida dolzarb muammolarni sanab, ularning yechimlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Misol uchun, mamlakatimizdagi mavjud 9942 ta maktabning barchasi ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Mahalliy hokimliklar tomonidan bu muammo hal etilishi muhimligi ta’kidlandi:
❗️«Sanitariya xizmati markazlari shu yilning 5 sentyabriga qadar o‘z hududlaridagi o‘quv dargohlarini tayyorgarlik holatini o‘rganib, maktab jamoasini tekshiruvchi bo‘lib emas, balki ularga har jihatdan amaliy ko‘mak berib, dars jarayonlarida epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash borasida trening va repetisiyalar o‘tkazishi zarur.
🏛 480 ming nafardan ortiq o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadigan va 6,2 million nafardan oshiq o‘quvchi tahsil oladigan ta’lim muassasalarini epidemik o‘choqqa aylantirib qo‘yishga haqqimiz yo‘q».
🚫 Yig‘ilishda ta’lim muassasalarining 1 057 tasida tibbiyot xonalari mavjud emasligi, tibbiyot xonalari va izolyatorlarni tashkil etishda mahalliy hokimliklar va xalq ta’limi mutasaddilariga tibbiyot xodimlari o‘z tavsiyalari va ko‘rsatmalari bilan yaqindan yordam berishi aytildi.
‼️ Bundan tashqari, maktab oshxonalarining holati, ularning sanitariya talablariga javob berishi zarurligi, sifatiga shubha qilingan ovqatlarni muassasa hududiga kiritish va noqonuniy savdoning oldini olish kerakligi, ko‘p maktablarda hojatxonalarning ham gigiyena talablariga javob bermasligi kabi qator muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.