Vasiyatnoma, vorislik va vasiyat tushunchalari haqida
Vasiyatnoma haqida gapirishdan oldin Vorislik haqida qisqacha tushuntirish berib o‘tsak.
Vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi.
Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.
Meros tarkibiga nimalar kiradi? Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.
Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar:
— yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;
— hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;
— aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;
— mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;
— mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.
Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.
Vasiyat bu fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi. Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek, kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.
Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechtasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa hol kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli.
Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.
Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.
Meros qoldiruvchi o‘zi vasiyatnomada merosxo‘r etib tayinlagan shaxslarga, o‘z navbatida vafot etishlari ehtimoli bilan o‘zlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish xususida ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga haqli emas.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bugungi kunda fuqarolik sudlarda meros nizolari bilan bog‘liq fuqarolik ishlari juda ham ko‘payib ketgan. Ayniqsa fuqaro o‘z mulkini tiriklik vaqtida hal qilmasligi natijasida farzandlar o‘rtasida meros mulkini tasdiqlash bo‘yicha kelishmovchiliklar kelib chiqmoqda.
Agar fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan mol-mulkini biron bir kishiga vasiyat qilib qoldirgan taqdirda keyini nizolarni oldini olgan bo‘lar edi.
Humoyun Esonov,
Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi
