Vashingtonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, forum ishida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investisiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQShning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik korporasiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSh EKSIM Banki prezidenti Reta Jo Lyuis va Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Das Mark Pommershaym so‘zga chiqdi.

Spikerlar o‘z nutqlarida ikki mamlakat rahbariyatlarining siyosiy irodasi, hukumatlar va ishbilarmon doiralarning doimiy hamkorligi natijasida o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanib borayotganligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston tomoni iqtisodiyot, savdo, sanoatni rivojlantirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha erishilgan muhim yutuqlarni taqdim etdi. Xususan, boshqa faktlar qatorida erkin bozor va sog‘lom raqobat mexanizmlari yaratilgani, tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha islohotlar amalga oshirilgani, iqtisodiyotda davlat ishtirokining qisqargani va keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayonlari boshlangani qayd etildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston xalqaro investisiya doiralari, jumladan, Amerika investorlari o‘rtasida sarmoya kiritish uchun jozibador manzilga aylandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda AQShning 300 ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Mamlakatimiz iqtisodiyotining avtomobilsozlik – General Motors, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish – John Deer, CNH, gaz ishlab chiqarish – Air Products, qishloq xo‘jaligi – Silverleafe va boshqa sohalarida AQSh kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati, kimyo va energetika sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi iqtisodiyot tarmoqlari qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishda katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhimligi, barcha qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda davlat idoralarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovasiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida sessiyalar o‘tkazildi.

Biznes-forum O‘zbekiston va AQSh vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlarining “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldilar.

Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!