O‘zbekistonlik futbolchiga Fransiyaning “Lans” klubi qiziqish bildirmoqda
O‘zbekistonlik 18 yoshli o‘ng qanot himoyachisi Behruz Karimov faoliyatini Fransiyaning “Lans” klubida davom ettirishi mumkin.
Xorij manbalarining yozishicha, O‘zbekiston milliy jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etgan iqtidorli futbolchi o‘zining ishonchli harakatlari bilan 7 ta xorij klubi e’tiborini tortgan. Ularning orasida Abduqodir Husanov to‘p surgan “Lans” jamoasi ham bor.
E’tiborli jihati shundaki, Behruz Karimov va Abduqodir Husanovning agenti bir kishi hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu omil fransuz klubiga transfer muzokaralarida ma’lum darajada ustunlik taqdim etishi mumkin.
O‘ziga bildirilayotgan qiziqishlar fonida Karimovning o‘zi ham kelajakdagi maqsadlari haqida aytib o‘tdi:
“Men uchun eng muhimi — muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish. Xorij chempionatida o‘zimni ko‘rsatib, tajriba to‘plash va shundan so‘nggina Yevropaning nomdor grand klublaridan biriga o‘tishni maqsad qilganman”.
Ma’lumot uchun, Behruz Karimov Termizning “Surxon” klubi a’zosi hisoblanadi. Futbolchi 2026-yilgi Jahon chempionatida ikkita uchrashuvda maydonga tushdi. Ta’kidlash kerakki, Karimov ushbu bahslarda o‘zining ustun tomonlarini yaqqol ko‘rsata oldi.
