O‘zbekistonda sug‘urta bozori faoliyati va uning natijadorligi o‘rganib chiqildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekistonda sug‘urta bozori faoliyati va uning natijadorligini o‘rganib chiqdi.
2022-yilda jami sug‘urta mukofotlari hajmi 6,2 trln. so‘mni tashkil etdi. Buning 76 foizi umumiy sug‘urta, 24 foizi esa hayot sug‘urtasining hissasiga to‘g‘ri keldi.
2022-yil yakuniga ko‘ra, umumiy sug‘urta mukofotlarining 10 foizi majburiy sug‘urta badallari hisobiga shakllangan, qolgan 90 foizi ixtiyoriy sug‘urta mukofotlarining hissasiga to‘g‘ri keladi. 2021-yilda ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 16 foiz va 84 foizni tashkil etgan. Ushbu raqamlar mamlakatimizda ixtiyoriy sug‘urta klasslari ommabopligi oshib borayotganidan dalolat beradi.
Shunday bo‘lsada, O‘zbekistonda hayot sug‘urtasi bo‘yicha mukofotlar hajmi YAIMning 0,17 foizini tashkil etadi. Bu esa kishi boshiga o‘rtacha 3,91 dollardan to‘g‘ri kelishini bildiradi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 31,24 dollarga, Turkiyada esa 21,85 dollarga yetadi.
Umumiy sug‘urta mukofotlari hajmi YAIMning 0,52 foizini tashkil etadi va kishi boshiga o‘rtacha 12,1 dollardan to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 58,5 dollarni, Turkiyada 119,7 dollarni tashkil qiladi.
Baxtsiz hodisalar va tibbiy sug‘urta mukofotlari hajmi YAIMning 0,01 foizini tashkil qiladi va kishi boshiga o‘rtacha 0,28 dollardan to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 10,1 dollarga, Turkiyada 24,5 dollarga teng. Bu esa ushbu sug‘urta klasslarini rivojlantirishga alohida e’tibor berish lozimligidan dalolat beradi.
Umumiy sug‘urta bozorida konsentrasiya darajasi yuqoriligicha qolmoqda. 2012-yilda eng yirik 5 ta kompaniyaning bozordagi ulushi 58,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 53,6 foizga pasaydi. Lekin, mazkur davr mobaynida yangi sug‘urta kompaniyalarining bozorga kirib kelishi tufayli eng yirik 10 ta kompaniyaning ulushi 81,4 foizdan 72,3 foizga kamaydi.
Sug‘urta polislarini sotishda brokerlar ishtiroki yetarli emas. Agentlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarqatish asosiy sotuv kanali hisoblanadi. 2019-2021 yillarda jami sug‘urta polislarining 94 foizi ushbu kanallar orqali sotilgan. Internet imkoniyatlarining rivojlanishi natijasida sug‘urta polislarini internet orqali sotish rivojlanayapti. 2019-yilda sug‘urta polislarining 3 foizi internet orqali sotilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 7 foizgacha oshdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5265-sonli Qaroriga asosan 2022-yilning 1-iyulidan boshlab, barcha turdagi sug‘urta polislarini internet orqali onlayn xarid qilish imkoniyatlari yaratilishi lozimligi belgilangan.