Tramp Eronga qurol yetkazib beruvchilarga 50 foizlik boj bilan tahdid qildi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron va Xitoy o‘rtasida ovozdan tez uchuvchi raketalar bo‘yicha ehtimoliy kelishuv muhokama qilingan.
Donald Tramp Eronga qurol yetkazib beradigan mamlakatlarga nisbatan qat’iy iqtisodiy choralar qo‘llanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
AQSh prezidenti bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilib, Tehronga harbiy qurol yetkazib beradigan davlatlar AQShga eksport qiladigan barcha mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy etilishi mumkinligini ta’kidladi.
“Eronga harbiy qurol yetkazib beradigan har qanday mamlakat bugundan boshlab Qo‘shma Shtatlarga sotiladigan barcha tovarlarga darhol 50 foizlik boj to‘laydi. Hech qanday istisno bo‘lmaydi”, — deb yozgan Tramp.
Shu bilan birga, u AQSh va Eron o‘rtasida tariflar hamda sanksiyalarni yumshatish masalasi muhokama qilinayotganini ham qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy tinchlik kelishuvi bo‘yicha 15 banddan ko‘prog‘i allaqachon kelishib olingan.
Tramp, shuningdek, Eron “juda samarali rejim o‘zgarishini boshdan kechirganini” ta’kidlab, mamlakat endilikda uranni boyitish faoliyatini to‘xtatganini bildirgan. Uning aytishicha, AQSh Eron hududida joylashgan barcha chuqur ko‘milgan yadroviy ob’ektlarni aniqlab, ularni yo‘q qilish choralarini ko‘radi.
Avvalroq Reuters agentligi Eron va Xitoy o‘rtasida qurol-yarog‘ bo‘yicha ehtimoliy kelishuv mavjudligi haqida xabar bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kelishuv doirasida Xitoyning SM-302 turidagi ovozdan tez uchuvchi raketalarini Tehronga yetkazib berish masalasi muhokama qilingan. Ushbu raketalar dengizdagi havo mudofaasi tizimlarini chetlab o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lib, mintaqadagi Amerika harbiy kemalari uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
