O‘zbekistonda saratonni 99 foizgacha davolovchi preparat yaratilgani rostmi?

O‘zbekistonda saratonni 99 foizgacha davolovchi preparat yaratilgani rostmi?

Internet tarmog‘ida “O‘zbek olimlari saratonni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqdi” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Unda 2022 yilning iyun oyida yurtimizda ro‘yxatdan o‘tkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmasevtik vektorli terapiya vositasi haqida so‘z boradi.

Ushbu preparat tarkibi “lyutesiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spesifik membranali “antigen-617” oqsil moddasidan iborat ekani aytilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroendokrin o‘smalar diagnostikasi va muolajasida qo‘llaniladi.

Xorijiy tajribaga asoslangan holda shuni aytish mumkinki, ushbu vosita prostata bezi saratonining 4-bosqichida suyakda metastazlanish jarayonidagina ishlatiladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov. — Bu preparat vaqtinchalik vosita hisoblanadi va bemorlarning hayotini uzaytirishga imkoniyat yaratadi.

Ta’kidlash lozimki, preparat shu kungacha mamlakatimizdagi bitta tibbiyot muassasasida faqat 3 nafar bemorda qo‘llanilgan hamda mutaxassislar fikriga ko‘ra, xasta insonlarda o‘sma o‘choqlari (metastazlar) va ularni bezovta qilayotgan og‘riqlar sezilarli darajada kamaygan.

Shu bilan birga, har qanday yangi dori vositasi amaliyotda foydalanilishidan toki samarasi tasdiqlanishiga qadar turli izlanishlar, o‘rganishlar olib borilishi va samaradorligi to‘g‘risida tegishli xulosalar qilinishi uchun uzoq vaqt talab etiladi.

Afsuski, dunyoda barcha saraton kasalliklarini to‘liq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas.

Shundan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalaridan insonlar hayoti bilan bog‘liq bu kabi muhim yangiliklarni jamoatchilikka yetkazishda e’tiborli bo‘lishlarini so‘rab qolamiz.

Cog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!