O‘zbekistonda omonatlarni to‘liq kafolatlash tizimidan voz kechilishi mumkin
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda omonatlarni kafolatlash tizimi bilan barcha tijorat banklari qamrab olinmagan. Xususan, jismoniy shaxslar bo‘lgan ko‘plab mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi Xalq banki omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etmagan holda, unga joylashtirilgan omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi.
“Bu esa moliya xizmatlari bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq hajmda kafolatlangani omonatchilar tomonidan bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan o‘z mablag‘larini yuqori foizli omonatlarga joylashtirilishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.
Qonun loyihasida omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish, shu jumladan, bank tizimining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash, uni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi 200 mln so‘m etib belgilanmoqda.
"Mazkur yuqori chegarani belgilashda omonatlarning amaldagi holati to‘liq tahlil qilindi. Xususan, ushbu miqdor bugungi kunda mamlakatimizda 99,7 foiz omonatchilarning banklardagi mablag‘lari to‘liq kafolatlanishini ta’minlaydi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Qonun tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi va ular omonatchilari oldida o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi. Bu omonatchilar pul mablag‘larining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega, degani.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.