O‘zbekistonda "fuqaro" so‘zidan voz kechishni so‘rashmoqda. Nega?

O‘zbekistonda "fuqaro" so‘zidan voz kechishni so‘rashmoqda. Nega?

Bir guruh fuqarolar rasmiy iste’moldagi "fuqaro" so‘zidan voz kechishni taklif qilmoqda.

O‘zA 25 iyunda olimlar Ashraf Ahmedov, Abduqahhor Ibrohimov va Ro‘zmat Tojimurodovlarning murojaatini e’lon qilgan.

Maqolada "fuqaro" atamasi bilimsizlik, shoshmashosharlik tufayli 1990-yillar boshlarida qator boshqa "ajnabiy va yarim-yasama (tayyora, tayyoragoh, nafaqaxo‘r) so‘zlar" kabi hech qanday ilmiy asossiz qo‘llana boshlagani aytilgan.

Tarixchi Ashraf Ahmedov, adabiyotshunos Abduqahhor Ibrohimov va shifokor Ro‘zmat Tojimurodovning fikricha, o‘zbekistonliklar "kambag‘allar davlatida" yashamoqda.

"Fuqaro" ko‘plik shaklidagi arabcha so‘z bo‘lib, uning birligi faqir, birovning hisobiga yashaydigan, bir kunlik yemishini ham topa olmaydigan shaxs ma’nosini beradi. Uning lug‘aviy ma’nosi o‘zgargani yo‘q va bu holat bizdek dunyoga dars berib kelgan millat uchun kechirilmas xato va uni to‘g‘rilash kerak", – deb o‘z fikrini asoslaydi murojaat mualliflari.

Masala turli davrlarda har xil odamlar tomonidan ko‘tarilgan, lekin hamon e’tiborsiz qolib kelmoqda.

"Fuqaro" atamasi XVII asrning ikkinchi yarmida Buxoro amirligi va Afg‘onistonda bir to‘da laganbardorlar tomonidan oddiy odamlar boy-badavlat kishilardan past tabaqa hisoblanishini bildirish uchun o‘ylab topilgan. Keyinchalik Afg‘onistonda u "mardum" so‘ziga almashtirilgan.

“Fuqaro" so‘zi iste’molga kirib, odamlar unga ko‘nikib qolganini mualliflar "bangilik va piyonistalikka ko‘nikishdan og‘irroq" deb hisoblaydi.

Ziyolilarning fikricha, bu atama kishini tahqirlaydi. “Fuqarolik jamiyati” qurayotganlar "kelajagi buyuk davlat"ni qurolmaydi, chunki kambag‘al odamlar kelajagi buyuk davlat barpo qilish qobiliyatiga ega emas deb hisoblaydi ular.

Bu atamani o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlar xususida gap ketganda, "IIV va Davlat personallashtirish markazi xodimlari bilan muhokama o‘tkazilganda, buning uchun juda katta mablag‘ shart emasligi ayon bo‘lgan", – deyiladi maqolada.

Yangi biometrik pasportlarda "fuqaro" atamasi allaqachon qo‘llanmaydi.

Olimlar "fuqaro” o‘rniga “bek va beka” atamasini taklif qilmoqda. Ularning fikricha, “O‘zbekiston beki" va "O‘zbekiston bekasi" O‘zbekiston farzandi, shu zamin egasi, mulkdori, himoyachisi degan ma’noni beradi.

Bizningcha, bu eng maqbul variant. Birinchidan, erkakni "bek", ayolni "beka" tarzida atashda gender nuqtai nazaridan farqlanish bor. Ikkinchidan, O‘zbekiston pasportiga ega odamlar o‘ziga nisbatan “fuqaro” o‘rniga “bek” yo “beka” degan murojaat tufayli ma’nan va ruhan o‘zgaradi. G‘urur-iftixori kuchayadi.

Tashabbuskorlarning aytishicha, masala yechimini cho‘zib bo‘lmaydi, uni imkon qadar tez hal qilish kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!