O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi — qonun qabul qilindi
15 noyabr kuni prezident Shavkat Miziyoyev imzolagan qonun bilan O‘zbekiston suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga, xavfsizligiga zid bo‘lgan, shuningdek, davlatlararo ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan yoxud harakatlar sodir etgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistonga kiritilmaydi, agar O‘zbekistonda bo‘lsa deport qilinadi.
O‘zbekiston hududida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi taqiqlanadi (Ular O‘zbekistonda hududidagi o‘z mulkini sotishi yoki hadya qilishi mumkin).
Agar ro‘yxatga kiritilgan shaxs chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekistonda turgan yoki vaqtincha yashayotgan bo‘lsa, unga mamlakatdan chiqib ketishi uchun 10 kunlik muhlat beriladi. Ushbu shaxs belgilangan muddat ichida O‘zbekistondan chiqib ketmasa ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda deportasiya qilinadi.
Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni ro‘yxatga kiritish Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasi 1 oy ichida O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet elliklar ro‘yxatini yuritish bo‘yicha tartib ishlab chiqadi. Ro‘yxatni Tashqi ishlar vazirligi yuritadi.