Nyu-Dehlida havo sifati «og‘ir» toifaning yuqori chegarasidan ham oshib ketdi
Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida havo sifati «og‘ir» toifaning yuqori chegarasidan ham oshib ketdi va eng yomon darajaga yetdi. Havo iflosligi parvozlar va poyezdlar harakatiga ta’sir qildi, quyi sinflarda yuzma-yuz ta’lim bekor qildi. Hukumat qator choralarni amalga oshirishga kirishdi.
Hindistonning NDTV kanali xabariga ko‘ra, Nyu-Dehlidagi millionlab odamlarning sog‘lig‘iga tahdid solayotgan havo ifloslanish darajasi Havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha 481 ga chiqib, "o‘ta og‘ir" toifaga ko‘tarilgan.
Zaharli tutun va tuman natijasida shaharda ko‘rish masofasi 150 metrgacha qisqartirib ketgan, mintaqada aviaparvozlar va poyezdlar qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng hukumat havo ifloslanishi oqibatlarini kamaytirish uchun qattiqroq choralar ko‘rayotganini e’lon qildi.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida rasmiylar toza energiya yoqilg‘isidan foydalanmaydigan barcha yuk mashinalari va shunga o‘xshash transport vositalarining Nyu-Dehliga kirishi taqiqlanganini ma’lum qildi, bolalar, qariyalar hamda nafas, yurak-qon tomir va boshqa surunkali kasalliklarga chalingan odamlarga yopiq joylarda qolishni tavsiya qildi.
Hukumat, shuningdek, 10 va 12-sinflardan tashqari barcha o‘quvchilar uchun maktablarda yuzma-yuz ta’lim to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Hindistonda havoning ifloslanishi bo‘yicha “juda past”, «past», «og‘ir» va “o‘ta og‘ir” toifalariga bo‘lingan “Bosqichma-bosqich qarshi kurash choralari rejasi” (GRAP) amalga oshirilmoqda. Havo sifati "o‘ta og‘ir" toifaga ko‘tarilishi bilan Hindistonda GRAP doirasida favqulodda vaziyatlardan tashqari ko‘mir, yog‘och va dizel generatorlaridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatlar taqiqlangan.
Nyu-Dehli aholisi, shuningdek, shaharda harakatlanish va avtomobil chiqindilarini imkon qadar kamaytirish uchun jamoat transportidan foydalanishga chaqirildi.