O‘zbekistonda 2023 yil 15 oktyabrdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etiladi

2023 yil 15 oktyabrdan boshlab, dastlab 28 ta tuman (shahar)larda eksperiment tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar guruhlari ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28 sentyabr kuni imzolangan “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ma’lum qilindi.
Xususan:
a) ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordamlarning 43 turi mahallada va 30 turi “Inson” markazlarida (jami 73 tur) ko‘rsatiladi.
Ushbu xizmatlarning 39 turi joriy yilning 15 oktyabridan hamda 34 turdagisi esa 2024 yil 1 yanvardan boshlanadi.
Bunda, nogironlikni belgilash, protez-ortopediya bilan ta’minlash, sanatoriylarga yuborish, psixologik yordam va ijtimoiy nafaqa tayinlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
b) ijtimoiy xizmatni ko‘rsatish tezkorligi va samaradorligi maxsus qurilma (planshet) orqali ta’minlanadi.
Bunda, ijtimoiy xodimlar mahallada planshetlar orqali 21 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlar bo‘yicha arizalarni onlayn tarzda qabul qiladi.