Avstraliya hukumati qurol to‘g‘risidagi qonunlarni yanada qat’iylashtirishni rejalashtirmoqda
Avstraliya hukumati Sidneydagi otishmadan so‘ng qurol to‘g‘risidagi qonunlarni yanada qat’iylashtirishni rejalashtirmoqda — The Sydney Morning Herald.
Mamlakat bosh vaziri Entoni Albanezening aytishicha, qurol qonunchiligiga oid islohotlar masalasi bugun, 15 dekabr kuni shtatlar bosh vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Milliy vazirlar kabineti yig‘ilishida muhokamaga qo‘yiladi.
Xususan, jismoniy shaxslar egalik qilishi mumkin bo‘lgan qurollar sonini cheklash hamda qurolga berilgan lisenziyalarni vaqti-vaqti bilan qayta tekshirib borish taklif etilmoqda.
"Odamlar vaqt o‘tishi bilan radikallashishi mumkin. Qurolga egalik qilish lisenziyalari muddasiz bo‘lmasligi kerak", — dedi Avstraliya hukumati rahbari.
14 dekabr kuni Sidneydagi mashhur plyajda sodir bo‘lgan otishma oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lgan, yana 40 kishi jarohatlangan. Hodisa yahudiylarning Hanuka bayrami boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir vaqtida yuz bergan.
Avstraliya polisiyasining ma’lum qilishicha, otishmada gumon qilinayotgan shaxslar ota va o‘g‘il bo‘lgan. 50 yoshli ota olti dona o‘qotar qurolga ruxsatnoma ega bo‘lgan, u otishma yuz bergan joyda halok bo‘lgan. Uning 24 yoshli o‘g‘li og‘ir jarohat olgan va hozirda ahvoli og‘ir. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, ota 1998 yilda talaba vizasi bilan Avstraliyaga kelgan, o‘g‘li esa shu yerda tug‘ilish asosida fuqarolik olgan.
