O‘zbekiston yoshlari uchun Shvesiyada magistraturada bepul o‘qish imkoniyati yaratildi
O‘zbekiston fuqarolari endilikda Swedish Institute Scholarships for Global Professionals (SISGP) dasturi orqali Shvesiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida bepul tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi xabar berdi.
SISGP stipendiya dasturi barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan, yetakchilik salohiyatiga ega bo‘lgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur doirasida Shvesiyaning 29 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ingliz tilidagi magistratura dasturlari qamrab olinadi. Ular orasida KTH, Lund University, Uppsala University, Karolinska Institute, Chalmers University kabi Yevropa top-universitetlari ham mavjud.
O‘zbekiston fuqarolari davlat boshqaruvi, tibbiyot, tadbirkorlik va innovasiyalar, shuningdek STEM — fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura dasturlariga hujjat topshirishlari mumkin.
Tanlov qoidalariga ko‘ra, o‘qish dasturini tanlash nomzod ixtiyorida qoladi. Shu bilan birga, barqaror rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan hamda olingan bilimlarni nomzod o‘z mamlakatisida amaliyotga joriy etish imkoniyatini ko‘rsatib beradigan arizalarga ustunlik beriladi.
Ariza topshirish jarayoni ikki parallel bosqichda amalga oshiriladi. Avvalo, nomzod magistratura dasturini tanlab, universitetlarga markazlashgan www.universityadmissions.se platformasi orqali 2026 yil 15 yanvarga qadar hujjat topshiradi. Shundan so‘ng, 2026 yil 9–25 fevral kunlari oralig‘ida Shvesiya instituti stipendiyasi uchun alohida ariza taqdim etiladi.
Nomzodlardan kamida bakalavr darajasiga ega bo‘lish, ingliz tilini belgilangan darajada bilish, tanlangan yo‘nalishga mos kamida bir yillik ish tajribasi hamda yetakchilik qobiliyati va motivasiyani aks ettiruvchi xat taqdim etish talab etiladi.
Ma’lumot uchun, Shvesiya instituti — ta’lim, fan, madaniyat, demokratiya va barqaror rivojlanish sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkilotidir.
