O‘zbekiston-Xitoy parlamentlararo hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi
8 iyul kuni Oliy Majlis Senatida Butunxitoy xalq vakillari majlisi doimiy qo‘mitasi Raisi Chjao Leszi boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Xitoy davlatlarining tarixiy munosabatlari qadimdan to bugunga qadar davom etib kelayotgani, ayniqsa, ikki davlat yetakchilarining do‘stona aloqalari va qat’iy siyosiy irodasi tufayli ushbu hamkorlik mustahkamlanayotgani alohida e’tirof etildi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda parlamentlarning tutgan o‘rni yuksak ekanligini, uni amaliy mazmun boyitish lozimligini ta’kidladilar. Bunda parlament do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish, o‘zaro tashriflarni amalga oshirish, qo‘mitalar o‘rtasida yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishlarida tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston viloyatlari va Xitoyning provinsiyalari maxalliy Kengashlari o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish, xududiy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha bildirilgan takliflar mehmonlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida nafaqat savdo- iqtisodiy balki, madaniy-gumanitar, ilm-fan, ta’lim yo‘nalishlarida ham hamkorlikni yanada chuqurlashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tashabbuslarini doimiy qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.
Butunxitoy xalq vakillari majlisi doimiy qo‘mitasi Raisi Chjao Leszi Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.