O‘zbekiston va Qozog‘iston Erkin Voxidovning “Oltin devor” asari asosida hamkorlikda film suratga oladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston  Erkin Voxidovning “Oltin devor” asari asosida hamkorlikda film suratga oladi

Bugun “O‘zbekkino” Milliy agentligida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati xabar berdi.  Uchrashuvda Qozog‘iston elchisi Satibaldi Darxan va elchixona vakillari, “O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, birinchi o‘rinbosar Shuxrat Rizayev, rejissyor Hilol Nasimov ishtirok etdi. Uchrashuv davomida ikki davlat ijodkorlari bilan film yaratish taklifi bildirildi.

Hamkorlikda suratga olinishi kutilayotgan “Qo‘shnilar” filmi komediya janrida bo‘lib, unda o‘zbek va qozoq qo‘shnilarning o‘zaro munosabatlari va hovli o‘rtasidagi devorning buzilganidan so‘ng, topib olingan tilla atrofidagi voqealar aks ettiriladi. Film O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Oltin devor” asari asosida suratga olinishi rejalashtirilgan. Ushbu kinoloyiha ssenariysi ustida Qozog‘iston tomondan aktyor, bloger va ssenarist Azamjan Saidbayev ish boshlaydi. Filmni ishlab chiqarish jarayonida ikki davlat ijodkorlari teng hissada ishtirok etadi. Hamkorlikdagi yangi film “Ipak yo‘li durdonasi” Xalqaro Toshkent kinofestivalida taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvdan oldin qozog‘istonlik mehmonlarga “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan “Meros” filmi namoyish etildi. So‘ngra o‘zbek va qozoq xalqlarining qadimiy do‘stligi, an’ana va e’tiqodlari haqida hikoya qiluvchi “Meros” filmining Qozog‘istonda taqdimotini o‘tkazishga kelishildi. Shuningdek, uchrashuv davomida Qozog‘istonda o‘zbek kinosi kunlarini o‘tkazish, “Ipak yo‘li durdonasi” Xalqaro Toshkent festivali bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat kinoijodkorlarining tajriba almashinishi va muloqot yo‘lga yo‘lga qo‘yilishi soha rivojiga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!