O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida 6,6 mln dollarlik grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida 6,6 mln dollarlik grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi

Janubiy Koreyada O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi vakillari bilan Koreya Respublikasi atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) vakillari o‘rtasida Jizzax viloyatida tibbiyot chiqindilarini utilizasiya qilish va poligonlardan chiqayotgan gazlarni ushlab qoluvchi ob’ektlarni qurish loyihasi doirasida dastlabki istiqbollar muhokama qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Muloqot doirasida O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirligi Koreya Respublikasi atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti bilan qiymati 6,6 million dollar miqdoridagi grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzoladi.

Shuningdek, uchrashuvda tibbiyot chiqindilarini utilizasiya qilish va poligonlardan chiqayotgan gazlarni ushlab qoluvchi ob’ektlarni qurish loyihasi doirasida Janubiy koreyalik mutaxassislar ushbu loyihaning ahamiyati va samaradorligi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berishdi.

Qayd etish joizki, loyiha doirasida 500 kVt-1 MVt quvvatiga teng chiqindi poligonlaridan chiqayotgan gazlarni yig‘ish inshootini qurish, 500 kVt-1 MVt quvvatga ega elektr stansiyasiga ulanishi mumkin bo‘lgan chiqindi gaz yig‘ish tizimini barpo etish, kuniga 5-10 tonna tibbiyot chiqindilarni yoqish inshootini o‘rnatish, moddiy texnik bazani mustahkamlash maqsadida maxsus texnikalar va boshqa qurilmalar xarid qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 6 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyasini qurish, 5 ta yangi poligon qurish hamda yangi qurilgan poligonlarga tibbiyot chiqindilarni yoqish usuli bilan yo‘q qilish uskunasi, kompost qilish uskunasi, konteynerlar va maxsus texnikalar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuvda, shuningdek, kelgusida KEITIning Toshkentdagi ofisini ochish istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur ofis butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun mintaqaviy markaz sifatida xizmat qiladi.

Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada yuqori darajaga ko‘tarish yuzasidan kelishib oldilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!